Korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga zid munosabatni hosil qilishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Kadastr sohasida ham bu borada bir qancha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolar orasida kadastr sohasi faqatgina yer uchastkasini ajratish bilan shug‘ullanadi, degan noto‘g‘ri tushunchalar yo‘q emas. Vaholanki, Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, uning shahar va tuman bo‘limlari asosan hududdagi o‘zboshimchalik bilan noqonuniy egallagan yerlar, hech qanday huquqiy hujjatlarsiz qurilgan qurilishlarni bartaraf etish, ularga qonun doirasida belgilangan choralar ko‘rish vazifalarini bajaradi.

Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, uning shahar va tuman bo‘limlari esa huquqni tasdiqlovchi hujjati, ya’ni yer ajratish qarori, orderi yoki shunga o‘xshash asoslovchi hujjatlar bo‘lgandagina kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat tomonidan qayd qilish ishlari bilan shug‘ullanadi. bugungi kunda yer munosabatlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida tadbirkorlik va boshqa maqsadlar uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali olish belgilab berilgan.

Yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish to‘liq to‘xtatilgan. Ammo shunga qaramasdan ayrimlar fuqarolarimizning ishonchiga kirib, aldash yo‘li bilan hech qanday huquqiy hujjatlarsiz yer uchastkasini sotaman yoki tanishlarim orqali yer olib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga yordam beraman, degan yolg‘onlarga uchmoqda. Vaholanki, bo‘sh yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish yoki sotish yer kodeksi bilan taqiqlangan. Agar fuqarolar shunday vaziyatlarga duch kelib qolsa, huquqni muhofaza qilish organlarining ishonch telefonlariga murojaat etishi kerak. Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, ularning shahar va tuman bo‘limlariga murojaat etishi mumkin. Jamiyatimizda kadastr sohasida korrupsion holatlarga qarshi kurashishda fuqarolarimizning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi.

Aholining erkin va obod turmushiga soya soluvchi korrupsiyaga qarshi jadal kurashish davr taqozosi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini to‘liq ta’minlash va demokratik huquqiy davlat qurishdan iborat.

Isatay Tleuov, 

Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i

O‘zA