Ma’lumki, mahalla instituti o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida ma’lum bir hududdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy, diniy va boshqa masalalarda mustaqil ish olib boruvchi ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.
bugungi kunda mamlakatimizda 9 ming 349 ta fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, ularning 41 tasi shaharcha fuqarolar yig‘ini, 73 tasi qishloq fuqarolar yig‘ini, 165 tasi ovul fuqarolar yig‘ini hamda 9 ming 70 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlaridir.
4 ta mahalla jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadi. 580 ta fuqarolar yig‘inlari yurtimizning qo‘shni mamlakatlar bilan chegara va anklav hududlarida joylashgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, har bir fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari — mahalla, qishloq, ovul va shaharcha fuqarolar yig‘inlarida fuqarolar yig‘ini raisi saylanadi.
Bugun respublikamizda mahalla raislari (oqsoqollari) saylovi boshlandi. Hududlar bo‘ylab, 842 ta mahallada saylov bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Saylovlarda 239 ming 910 nafar saylovchilar hamda 2 ming 270 nafar nomzodlar ishtirok etishi belgilangan. Saylovlarda ishtirok etayotgan nomzodlardan 510 nafari (60,5%) amaldagi raislar, 1 ming 762 nafari birinchi marotaba saylovda ishtirok etayotgan nomzodlardir.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni 18 yoshga to‘lgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida doimiy yashovchi fuqarolar ega bo‘ladi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi. Mazkur saylovni tashkil etish va o‘tkazish ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yig‘ini tomonidan, fuqarolar yig‘inini chaqirish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa, fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tomonidan uch yilga saylanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisini saylashda fuqarolar yig‘inining yoki fuqarolar vakillari yig‘ilishining har bir ishtirokchisi bir ovozga ega bo‘ladi. Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi ushbu lavozimga ikki va undan ko‘p nomzod ko‘rsatilgan holda amalga oshiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA