Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining yigirma sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, sektor, tegishli sohalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni loyihasi haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari T.Romanov  ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, Qonun loyihasi 7 ta bob va 34 ta moddadan iborat. Ya’ni amaldagi Qonunga nisbatan 18 ta modda bilan boyitilmoqda.

Sessiyada shahar va tumanlarda “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlarining ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hisoboti muhokama qilindi. Ushbu masala yuzasidan Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Ye.Atashovning ma’ruzasi tinglandi.

Qayd etilganidek, 2021 yilda har bir shahar va tumandan 34 ta ovul va mahalladagi 775 ta ob’ektda 245,6 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Joriy yilda esa,  dasturlar doirasida 9 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida, 8 ta umumta’lim maktabida, 4 ta sog‘liqni saqlash ob’ektida, 14 ta mahalla binosida qurilish ishlarini olib borish, ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yaxshilash maqsadida 197 kilometr yangi tarmoq qurish, 41 kilometr tarmoqni rekonstruksiyalash, 18 ta suv inshootini qurish va rekonstruksiyalash, 278,3 kilometr ichki yo‘llarini ta’mirlash, 159,5 kilometr elektr tarmog‘ini tortish va 51 ta transformator o‘rnatish, 9,4 kilometr irrigatsiya va melioratsiya tarmog‘ini ta’mirlash,  40,9 kilometr gaz tarmog‘ini yaxshilash, 83 dona gaz taqsimlash punktini almashtirish, 47,3 kilometr piyodalar yo‘lakchasini qurish rejalashtirilgan.

Sessiya kun tartibida shuningdek, Oliy Majlis Senatining 2021 yil 28 maydagi “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi qarorida belgilangan vazifalarning 2021-2022 yillardagi ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining axboroti, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirining hisoboti, davlatimiz rahbarining 2021 yil 24 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida  belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tgan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining axboroti tinglandi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA