Davlatimiz rahbari Koson tumanidagi “Bunyodkor” paxta-to‘qimachilik klasterining ishlab chiqarish korxonalarini borib ko‘rdi.

Bu yerda davlatimiz rahbarining klaster g‘oyasi asosida paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning to‘liq sanoat «zanjiri» yaratilgan. Birinchi loyiha doirasida qariyb 21 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilib, zamonaviy tikuvchilik fabrikasi tashkil etilgan.

Turkiya va Italiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan mazkur korxona yiliga 6 million dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Daromad jihatidan aytganda, qariyb 100 milliard so‘mlik yuqori sifatli kiyim-kechaklar tikilib,  2 million dollarlikdan ziyod tayyor mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda fabrikada 320 nafar xotin-qizlar ishlamoqda. Prezident ular bilan suhbatlashib, ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Klasterga qarashli kalava ip yigirish va mato to‘qish quvvatlari joriy yil iyulda, yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasi dekabrda foydalanishga topshiriladi. Ularda yana 700 ga yaqin ish o‘rni tashkil topadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda soha mutaxassislari, paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari bilan suhbatlashdi.

– Biz hozirgi klaster tizimi bilan yengil bosqichni qivoldik. Endi sifat, narx, bozor nuqtai nazaridan yo‘l ochiq. Shuning uchun klasterlarimizning chet ellarga xizmat safarlari, ko‘rgazmalarini tashkil etish kerak, – dedi Prezident.

To‘qimachilik korxonalarini barqaror xomashyo bilan ta’minlash uchun paxta hosildorligini oshirish, sun’iy tola ishlab chiqarib, samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.