Davlatimiz rahbari oilaviy bolalar uyi tashkil etgan ota-onalar bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev rahbar sifatida qat’iyatli va talabchan bo‘lsa, shaxs sifatida mehribon va e’tiborli inson. Buni uning keksalarga, bolalarga, ehtiyojmand odamlarga munosabatidanbilsa bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Jizzax viloyati hokimi bo‘lganida Mehribonlik va Muruvvat uylarini tartibga keltirgani, Samarqandda ko‘zi ojiz bolalar internatiga borganini odamlar haligacha eslaydi.

Bugun bunday mehr-e’tibor butun mamlakat miqyosiga yoyilgan. Prezidentimiz hududlarga chiqqanida shunday ijtimoiy muassasalarga borishga vaqt topadi.

Yaqinda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi maktab-internatga borganida Shavkat Mirziyoyev «yurtimizda umuman yetimlar bo‘lmasa, qanday yaxshi bo‘lardi» degan edi. Xalqimiz bu xayrli tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, barcha hududlarda oilaviy bolalar uylari tashkil etilmoqda. Natijada so‘nggi oylarda 16 ta Mehribonlik uyidan 10 tasi o‘z faoliyatini tugatdi.

Qashqadaryo viloyatida ham birinchilardan bo‘lib, Kitob tumanidagi 5-son va Qamashidagi 4-son Mehribonlik uylari yopildi. U yerda tarbiyalanganlarning bir qismi yaqinlari bag‘riga qaytgan bo‘lsa, bir qismi oilaviy bolalar uylariga qabul qilingan.

Prezidentimiz Qashqadaryoga safari chog‘ida shunday mehribon insonlar – Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimova, Shokir Suyunov va Gulbahor Hamidova, Baxtiyor To‘rayev va Gulbahor Allanazarova oilalari bilan uchrashdi.

– Davlatimiz siyosatini amalga oshirib, bolalarning boshini silab, oilangiz bag‘riga olganingiz uchun sizlarga ta’zim qilib, rahmat aytaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Siz o‘zligimizni, xalqimiz ma’naviyatini namoyon etib, namuna bo‘layapsiz. Bu qiyin, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin bu savob ishning ajru mukofoti juda ulkan. Siz tarix yaratayapsiz, o‘zingizga ma’naviy haykal qo‘yayapsiz. Xalqimiz bunday olijanob fazilatlarni yuksak qadrlaydi.

Prezident bolajonlarga ham murojaat qilib, dalda berdi.

– Hayot o‘nqir-cho‘nqir, sinovlardan iborat. Hozir sizlar uchun sinov. Lekin, men ishonaman, kelajakda tengdoshlaringga o‘rnak bo‘lasizlar. Mehnat, mashaqqatsiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Men ham bolaligimda qiyinchilik ko‘rib, katta bo‘lganman. Sizlar har doim davlatimizning e’tiborida bo‘lasiz: ta’lim-tarbiyangiz, o‘qishlarga kirishingizni nazoratga olamiz. Xudo xohlasa, kamolingizni ko‘rish hammamizga nasib etsin, – dedi davlat rahbari.

Qashqadaryo viloyatida jami 16 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 98 nafar o‘g‘il-qiz mehr og‘ushiga olingan. Prezidentimiz ushbu oilalarga ham minnatdorlik bildirdi.