Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 aprel kuni transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimiz rivojlangani sari fuqarolar harakatchanligi, xalqaro aloqalar ko‘lami ham oshib bormoqda. Bu talabga mos ravishda avtomobil, temir yo‘l va havo transporti imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 apreldagi qaroriga muvofiq, “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari transformatsiya qilinmoqda.

2021 yil yakunlari bo‘yicha yurtimiz aeroportlari orqali 5 million 400 ming yo‘lovchi va 82 ming tonna yuk tashilgan, xorijiy aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish hajmi oshgan. Xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida barcha aeroportlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilangan.

Shu bilan birga, Samarqand xalqaro aeroporti yangidan qurilib, ishga tushirildi. Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali rekonstruksiya qilinib, o‘tkazish quvvati 2 barobar oshirildi. Qarshi aeroportining uchish zali yangilandi.

Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida mamlakatimiz aeroportlarini 2035 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan.

Taqdimotda ushbu strategiyani 2026 yilgacha amalga oshirish dasturi muhokama qilindi.

Bunda aeroportlarni ixtisoslashtirish, jumladan, Toshkent aeroportini xalqaro xab, Navoiy aeroportini yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini turizm xablariga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish orqali yo‘lovchilarni o‘tkazish quvvatini soatiga 2 ming 400 nafarga oshirish, ro‘yxatdan o‘tish, pasport nazorati va samolyotga chiqish yo‘laklarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari aeroport xodimlarining dunyoqarashi va malakasini oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtini qisqartirish zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumki, Farg‘ona vodiysidagi uchta – Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari shaharlar ichida joylashgani va atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan. Shu bois uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda.

“Toshkent-Sharqiy” aeroportining bosh rejasi ham muhokama qilindi. Buxoro va Urganch aeroportlarida yangi yo‘lovchi terminallari qurish, shuningdek, hududlararo loukoster aviakompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Prezidentimiz aeroportlarda xizmatlarni ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, narxlarning ommabopligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimotda issiqlik ta’minoti tizimini yangilash va qamrovini oshirishga oid rejalar ham ko‘rib chiqildi.

Oxirgi to‘rt yilda hududlarda 47 ta qozonxona qurilib, qariyb 80 kilometr tarmoq yotqizilgani qayd etildi.

2022-2026 yillarda yana 172 ta qozonxona va 482 kilometr tarmoqni yangidan qurish, 109 ta qozonxona va 543 kilometr tarmoqni modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bularning natijasida markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish darajasi hozirgi 52 foizdan 66 foizga yetadi.

Ayrim qozonxonalarda kogeneratsion gaz turbinasini o‘rnatish orqali elektr energiyasi ham ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Davlatimiz rahbari issiqlik hosil qilish va undan foydalanish tizimini raqamlashtirish, sohada davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.