Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Yangi O‘zbekiston ko‘chasi poytaxtimizning muhim yo‘llaridan biriga aylanib bormoqda. Oxirgi yillarda u yerda yangi bog‘, ko‘prik, universitet barpo etildi. Endi bu ko‘cha bo‘yida 610 gektar maydonda uy-joylar, mehmonxonalar, kinoteatr, restoranlardan iborat zamonaviy majmualar qurish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari avvalo mazkur loyiha maketini ko‘zdan kechirdi.

Loyihaga asosan, binolar to‘rt qavatli, to‘rt xil dizaynda bo‘ladi. Birinchi qavatda savdo va xizmat ko‘rsatish muassasalari faoliyat yuritadi. Yuqori qavatlarda xonadonlar yoki mehmonxonalar bo‘ladi. Ko‘cha bo‘yida piyoda va velosiped yo‘laklari, yerosti va yerusti yo‘llari barpo etiladi.

Prezidentimiz loyihani ma’qullab, uylarni energiyatejamkor qilib qurish, issiq va sovuqda mo‘’tadil bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdi. Ish o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

– Eng muhimi – xalqimizga munosib yashash sharoiti va ish o‘rinlari yaratish, – dedi davlatimiz rahbari.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, binolarda 1 million 700 ming kvadrat metr savdo va xizmat ko‘rsatish maydoni bo‘ladi. Buning negizida 14 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etiladi.

Shuningdek, ushbu ko‘chada joylashgan «Toshkent-Sharqiy» aeroporti infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish choralari ham belgilandi.

30 yanvar kuni o‘tkazilgan taqdimotda mahalla markazlari barpo etish loyihasi ko‘rib chiqilgan edi. Bu gal Prezident ko‘rsatmalari asosida qayta ishlangan loyiha taqdimot qilindi.

Unga ko‘ra, bunday markazlarda stadion, o‘yin maydonchalari, kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom va boshqalar bo‘ladi.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi taklifi asosida ushbu markazlar joyini aniqlash vazifasi qo‘yildi.

– Yoshlar o‘rgangan, infratuzilma borgan joylarni tanlash kerak. Mahalla idorasini ham shu yerga joylashtirish mumkin. Shunda bu joylar madaniyat va ma’rifat o‘chog‘i bo‘ladi. Bu markazlarda milliy o‘zligimiz namoyon bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, 2025 yilda Toshkent shahrida Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu nufuzli musobaqa uchun poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, shaharcha markazida olimpiya stadioni, uning ikki yonida yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Ma’muriy bino, yotoqxona, muzey va xo‘jalik ob’ektlari ham quriladi.

Taqdimotda Olimpiya shaharchasi ob’ektlari qiymatini optimallashtirish choralari haqida ma’lumot berildi. Mutaxassislar bilan muhokama asosida, mazkur shaharcha loyihasi tasdiqlandi. Uni sifatli qilib qurish zarurligi ta’kidlandi.

– Bu majmua xalqimizga, yoshlarimizga mulk bo‘lib qoladi. Shuning uchun birinchi o‘rinda sifat, – dedi Prezidentimiz.

Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish, jumladan, yerusti metrosi ostidagi bo‘sh yer maydonlarida yangi xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalarini tashkil etishga qaratilgan loyihalar ko‘rib chiqildi.

Taqdimotda Samarqand turizm markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ham axborot berildi.

Barcha bunyodkorlik ishlarini umumiy bir jihat – ish o‘rinlari tashkil etish maqsadi birlashtirib turadi. Chunki bu inshootlarni qurish hamda keyinchalik ishlatish jarayonida minglab vatandoshlarmiz ish bilan ta’minlanadi.