O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Boku shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan hamda Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKAP) ijrochi kotibi Armida Alisjabana, shuningdek, faxriy mehmonlar – Vengriya Bosh vaziri Vaktor Orban va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasim Al-Budayviy qatnashdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida barcha ishtirokchilarni 1998 yilda Toshkent deklaratsiyasi bilan ta’sis etilgan dasturning 25 yilligi hamda BMT Bosh Assambleyasining ushbu qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan alohida rezolyutsiyasi qabul qilingani bilan dildan qutladi.

O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjonning samarali raisligida SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Prezidentimiz qayd etganidek, mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida o‘zining nihoyatda zarurligini yaqqol ko‘rsatdi.

Dastur doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilindi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhiti kuchayib, integratsiya chuqurlashayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

– Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Vengriya bilan sanoat kooperatsiyasi va infratuzilma bo‘yicha yirik dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Qo‘shma investitsiya kompaniyalarini tashkil etib, moliyalashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘ydik. Chegara hududlarida zamonaviy savdo-logistika markazlari va maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda, – dedi Prezident.

Hozirgi global geosiyosiy beqarorlik sharoitida mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, O‘zbekiston yetakchisi SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.

Dasturni iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida yanada ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish maqsadida sheriklikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, dasturning institutsional asoslarini mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKAP ekspertlari bilan birgalikda “SPEKA–2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida jahondagi eng ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etishni nazarda tutadigan qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Ushbu choralarning qabul qilinishi, Prezidentimizning fikricha, davlatlarimiz o‘zaro savdo aylanmasini 2030 yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazish imkonini beradi.

“Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida SPEKAning Maqsadli jamg‘armasini kelgusi yilning o‘zida tashkil etish va uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

– Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablag‘larini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim. O‘zbekiston ham uni shakllantirish uchun o‘z moliyaviy hissasini qo‘shishga tayyor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zaro bog‘liq transport yo‘laklarini rivojlantirish haqida so‘z yuritar ekan, Prezidentimiz Transkaspiy multimodal yo‘lagi doirasida ma’lumot almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni hayotga to‘liq tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.

Kelgusi yilda O‘zbekistonda “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, BMT ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqada transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni faol ilgari surish niyati bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi SPEKA doirasida oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzishni va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi.

– Ushbu tadbirning kun tartibidan yetakchi agrosanoat korxonalarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, ilmiy-texnologik almashuvlarni rag‘batlantirish va resurslarni tejaydigan ilg‘or yechimlarni joriy etish, “ekspress” yo‘laklarni ishga tushirish kabi masalalar asosiy o‘rin egallaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanidan kelib chiqib, SPEKAning keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini – ko‘p tomonlama “Yashil strategiyasi”ni qabul qilish vaqti kelgani ko‘rsatib o‘tildi.

BMT tahlillariga ko‘ra, suv taqchilligi tufayli mintaqamiz davlatlari har yili qariyb 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda. Bunday murakkab jarayon yanada kuchaysa, muammolar kompleks hal etilmasa, kelgusida aholi jon boshiga suv bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 25 foizga, hosildorlik esa 40 foizga qisqarib ketishi mumkin, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPEKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish taklif qilindi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz ushbu kengash doirasida mamlakatlarimiz ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligimizga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni “SPEKA e’tirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tashabbusini ilgari surdi.

O‘zbekiston yetakchisi hamkasblarga, Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKAP rahbariyatiga murojaat qilar ekan, SPEKA doirasida Afg‘oniston bilan ishchi aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqirdi.

– Ushbu mamlakatni o‘z muammolari bilan yakka qoldirish mumkin emas. Amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi, – dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz yetakchisi ikki kun muqaddam Parijda qabul qilingan, YUNESKOning Bosh Assambleyasi sessiyasini ilk bor Markaziy Osiyoda – qadimiy Samarqand shahrida 2025 yilda o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun barcha ishtirokchilarga alohida tashakkur izhor etdi.

So‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqlarimizning barqaror taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash maqsadida SPEKA mintaqaviy dasturi doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklikka sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.