Prezident bazalt mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanida joylashgan “Surkhon Sandwich” korxonasining bazalt mahsulotlari ishlab chiqarish liniyasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda har bir yirik loyiha va infratuzilma ob’ektlarida energiya tejamkorligiga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, bazalt xomashyosi va undan tayyorlanadigan energiya samarador plita hamda qurilish materiallariga talab ortib bormoqda.

Shu ehtiyojdan kelib chiqib tashkil etilgan korxona qiymati 26 million dollarga teng. Loyiha doirasida yiliga 30 ming tonna bazalt xomashyosini qayta ishlash quvvati yaratilgan. Bu 345 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.
Mahsulotlar ichki bozor bilan birga Tojikiston va Afg‘onistonga ham eksport qilinmoqda.

Ishlab chiqarish jarayoni uchun talab etiladigan xomashyoning 95 foizi viloyatning Oltinsoy tumanidagi konlardan ta’minlanadi. Korxonaga Xitoyning zamonaviy texnologik uskunalari o‘rnatilgan. Bu yerda 200 kishining doimiy bandliga ta’minlandi.
Prezident ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yanada oshirish, mahalliylashtirish darajasini kengaytirish va eksportbop yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Umuman, yurtimizda qurilish sohasining ilmiy asoslarini mustahkamlash, buning uchun qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning qurilish materiallari sanoati mahsulotlari taqdimoti bilan tanishdi.

Shu bilan Surxondaryo viloyatiga tashrif yakunlandi, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.

