Hakamlik sudlari faoliyati ochiqligi va samaradorligi oshiriladi

10

Hakamlik sudlari nizolarni muqobil hal etish mexanizmi sifatida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. Biroq tahlillar ushbu sudlar faoliyatida qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.

Ayrim hakamlik sudi sudyalarining malakasi yetarli emasligi, sudlar faoliyatini tashkil etishdagi talablarning qayta ko‘rib chiqilmagani, nazorat mexanizmlarining yo‘qligi bunga sabab bo‘lmoqda.

Bu fikrlar Senat yalpi majlisida “Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.

Hozirgi vaqtda 287 hakamlik sudi va 1,5 mingdan ortiq hakamlik sudyalari faoliyat yuritadi. Ularning ko‘pchiligi turli sohalarda asosiy ish joyiga ega bo‘lib, professional tayyorgarlik darajasi yuqori emas.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Byudjet, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarga,  “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlarga muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, hakamlik sudini tashkil etish hamda sudyalik vazifasini bajarish uchun qo‘shimcha talablar belgilanmoqda. Hakamlik sudyalarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish tartibi kengaytirilmoqda. Davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan hakamlik bitimlarini tuzganlik uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Byudjet kodeksiga g‘aznachilikda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan shartnomalar asosida tovar, ish va xizmatlarni qabul qilib olganlik holati byudjet intizomini buzish sifatida belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun hakamlik sudlari faoliyati ochiqligi va samaradorligini oshiradi. Davlat byudjetidan noqonuniy chiqimlarning oldini oladi, adolatli qarorlar qabul qilinishiga xizmat qiladi hamda davlat manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlaydi.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat),  

O‘zA