“Samarqand ruhi” insoniyatni umumiy taraqqiyot sari yanada birlashishga undaydi

72

Prezident Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 30 oktyabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Ezgu an’anaga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezidentimiz majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.

Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Mo‘’tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.

Davlatimiz rahbari yangi masjiddagi bunyodkorlikni ko‘zdan kechirdi.

Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.

Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Ziyoratgoh atrofidagi mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi.

Prezidentimiz majmua faoliyatini sifatli tashkil etish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ezgu niyatlar bilan majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilarini madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida samimiy qutladi. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini, YUNESKO Bosh direktori Odri Azule, xorijiy mamlakatlar hukumatlari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillariga, barcha delegatsiyalarga konferensiyada ishtirok etayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz so‘zining avvalida bu galgi sessiya so‘nggi 40 yilda birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

– Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotganini Tashkilotga a’zo davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi deb qabul qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston yetakchisi tashkilot o‘zining 80 yillik faoliyati davomida ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohalarida global hamkorlikni, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashadigan nufuzli xalqaro institutga aylanganini qayd etdi.

Shu ma’noda, xalqlarning milliy o‘ziga xosligi, ularning madaniy merosini saqlab qolish, turli dinlar o‘rtasida yaqin muloqotni mustahkamlashda YUNESKOning roli ortib borayotgani ta’kidlandi.

– Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Davlatimiz rahbari ilm-fan, adabiyot va madaniyat beshigi bo‘lgan Samarqandning buyuk merosini yodga oldi. Xususan, Kopernik va Kepler kashfiyotlariga asos bo‘lgan mashhur yulduzlar jadvali yaratilgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini eslatib o‘tdi. Prezidentimiz mehmonlarni Buyuk ipak yo‘li durdonasi, tinchlik va xalqlar do‘stligi diyori bo‘lgan Samarqand ruhidan bahramand bo‘lishga chorladi.

Geosiyosiy keskinlik va harbiy nizolar noyob yodgorliklar va madaniy merosga ziyon yetkazayotgani, bilim va raqamli texnologiyalardan foydalanishdagi tafovut global tengsizlikni kuchaytirayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston rahbari bunday murakkab sharoitda YUNESKOning asosiy vazifalarini bajarish uchun birdamlikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. O‘zbekiston tashkilotning ezgu maqsadlariga sodiqligini, konstruktiv hamkorlik uchun ochiq maydon sifatida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz YUNESKO bilan 2027 yilgacha mo‘ljallangan besh yillik hamkorlik dasturini amalga oshirmoqda. Uning doirasida buyuk mutafakkir va arboblar – Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzod yubileylariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi, shuningdek, Xorazm Ma’mun akademiyasi kabi ilmiy muassasalar va adabiy yodgorliklar, jumladan, “Alpomish” dostonining tarixiy sanalari keng nishonlandi.

Butunjahon merosi shaharlari – Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqandga Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi bo‘yidagi yodgorliklar qo‘shildi. G‘arbiy Tyan-shan va Turon cho‘llarining tabiiy hududlari mintaqaning o‘ziga xos bioxilma-xilligini aks ettiradi.

Prezidentimiz O‘zbekistonning yigirmaga yaqin nomoddiy merosi – “Shashmaqom”, Katta ashula, “Lazgi” raqsi, askiya san’ati,  Navro‘z bayrami, atlas va adras to‘qish an’analari YUNESKO e’tirofiga sazovor bo‘lganini eslatdi. Tashkilot shafeligida “Sharq taronalari”, “Maqom san’ati”, Baxshichilik, Hunarmandchilik va Etnosport festivallari o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, “Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim berish bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” kabi hujjatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda YUNESKOning kafedralari va hamkor maktablari faoliyat yuritmoqda, Toshkent va Farg‘ona shaharlari Ta’lim shaharlari global tarmog‘iga kiritilgan. Shuningdek, yuzlab madaniy meros ob’ektlari zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlar asosida restavratsiya qilindi.

Prezidentimiz Samarqand konferensiyasi doirasida qo‘shimcha tadbirlar – Buxoroda zamonaviy san’at biyennalesi, Toshkentda Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi ochilishi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini topshirish marosimi, muzeylar sohasida sun’iy intellektni qo‘llash masalalari bo‘yicha konferensiya o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim sohasidagi kvalifikatsiyalarni tan olishga oid Global konvensiyaga qo‘shiladi.

Davlatimiz rahbari YUNESKO faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlandi. Prezidentimiz YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini yaratish va Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif qildi. O‘zbekiston YUNESKO shafeligida “Sun’iy intellekt – maktab” pilot loyihasini amalga oshirish va Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumini tashkil etishga tayyor.

O‘zbekiston yetakchisi nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash zarurligini ta’kidladi. Xalq og‘zaki ijodi, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlar kabi noyob meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash maqsadida ta’sis etilgan YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

19 noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb e’lon qilish, shuningdek, YUNESKO tuzilmasida Raqamli meros xalqaro institutini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari 2027 yilda Buxoroda YUNESKOning Ijodkor shaharlar tarmog‘i doirasida Hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazishni taklif etdi.

Prezidentimiz gender tenglikni ilgari surish va xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida YUNESKOning Xotin-qizlar yetakchiligi akademiyasini tashkil etish hamda Samarqandda dunyoning barcha qit’alaridan taniqli tadqiqotchilar, san’at namoyandalari, pedagoglar va novatorlar ishtirokida Ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalaridagi xotin-qizlarning global forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish ham dolzarb masala sifatida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishi madaniy merosga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ta’sis etish, shuningdek, YUNESKO Ijroiya kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. O‘zbekiston Xiva shahrida shu mavzuda xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Virtual makonda noxolisaxborotlar tarqalishiga qarshi kurashish, jamoatchilik fikrini himoya qilish va kamsitishlarga qarshi kurashish ham ustuvor yo‘nalishlar qatorida. Prezidentimiz Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish va YUNESKOning Media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashish, islom madaniyati va ma’rifatini butun dunyoda tarannum etish kerakligini ta’kidladi: “Bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim”.

O‘zbekistondagi noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari salohiyatidan faol foydalanish taklif etildi.

O‘zbekiston Prezidenti forum hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, o‘zaro ishonch va global sheriklikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ilgari surishda muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

– YUNESKOning boqiy an’ana va qadriyatlaridan kuch olayotgan “Samarqand ruhi” bizni umumiy taraqqiyot sari yanada birlashishga undaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat va samarali faoliyat tilab, tadbirning tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv timsoli bo‘lgan Samarqand shahrida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

Bu O‘zbekistonning yuksak xalqaro nufuzi va sivilizatsiyalar muloqotini rivojlantirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda insoniyat madaniy merosini asrab-avaylashga qo‘shayotgan hissasini tasdiqlaydi.

Ochilish marosimi yakunida O‘zbekiston va xorij san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Unda simfonik orkestr, xor jamoasi va milliy ansambl ijrosida o‘zbek mumtoz kuy-qo‘shiqlari va jahon musiqasining sara asarlari zamonaviy talqinda yangradi.

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan BMTning ushbu nufuzli instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida Odri Azule davlatimiz rahbarini tarixiy voqea – tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi so‘nggi 40 yilda ilk bor YUNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohi tashqarisida o‘tkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekistonning konferensiyani yuksak saviyada tashkil etish, shuningdek, uni amaliy ahamiyatga ega tadbirlar bilan boyitish borasidagi keng ko‘lamli ishlariga ijobiy baho berildi.

Xususan, YUNESKOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000 yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sun’iy intellekt, gender mavzulari bo‘yicha forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda bolalar ta’limi bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etildi.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan YUNESKOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga O‘zbekistonning bir qator yangi ob’ektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.

YUNESKO bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonimga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Ziyodulla JONIBEKOV, G‘olib HASANOV, Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA maxsus muxbirlari