Orolbo‘yida umumxalq xayriya hashari davom etmoqda

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami oldidan tashkil etilgan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostidagi umumxalq xayriya hashari Orolbo‘yida ham uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Barchangizga ma’lumki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shuning natijasida mahallalar, ko‘cha va xiyobonlar o‘zgacha chiroy ochib, ko‘zlarni quvontirmoqda.
O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi mutasaddilarining ma’lum qilishicha, ikki kunlik xayriya hashari davomida 500 ming nafarga yaqin fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda. Shundan 172 ming nafarga yaqinini yoshlar tashkil etadi.
Hasharda 2 ming 418 gektar maydon obodonlashtiriladi, 1 ming 900 tonna maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlanadi, 981 kilometrlik ariq-zovur va lotok tozalanadi. Bu ishlarga 377 ta texnika vositasi jalb etiladi. 461 ta qabriston, 8 ta ziyoratgoh, 13 ming 288 ta ko‘cha tozalanib, obodonlashtiriladi. 235 ming 388 ta daraxtga chiroyli ko‘rinish berilib, oqlanadi.
428 ta bolalar o‘yin maydonchasi ta’mirlanib, tartibga keltiriladi. 23 mingdan ziyod xonadonning tomorqalari obodonlashtiriladi. 943 ta xonadonga tegishli uy-joylar ta’mirdan o‘tkaziladi. 1 ming 851 ta ehtiyojmand oilaga moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Har bir yurtdoshimiz o‘zi yashayotgan hududni toza, go‘zal va obod maskanga aylantirish uchun bor imkoniyatini safarbar etishi kerak. Bu nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki xalqimizning ma’naviy olamini boyitishga ham xizmat qiladi.
Ushbu hashar nafaqat hududlarni chiroyli ko‘rinishga keltirish, balki xalqimiz o‘rtasida azaldan mavjud bo‘lgan hamjihatlik, do‘stlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA