Sinxron suzish bo‘yicha nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Xabaringiz bor, poytaxtimizda joylashgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Suv sporti saroyi”da sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi” I Markaziy Osiyo ochiq chempionati o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 4 noyabrdagi “Suv sporti t
urlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2025 yil 13 fevral kuni o‘tkazilgan olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan mamlakatimiz sport vazirligi va suv sporti federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqada sinxron suzuvchilar U12, U15 va kattalar yosh toifalarida raqobatlashmoqda.
Unda O‘zbekiston, Rossiya, Bolgariya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus Respublikasi va Qozog‘iston kabi davlatlardan 200 nafarga yaqin sportchi 186 ta medal uchun o‘z chiqishlarini namoyish etayotir.
Bugun, 15 may kuni bayramona bezatilgan muhtasham “Suv sport saroyi” majmuasida nufuzli musobaqaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keldi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Turnirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishga qaratilgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida yoshlarimiz o‘rtasida suv sporti turlari ommalashib borayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy talablarga javob beradigan suv sporti saroylari va suzish havzalarining barpo etilayotgani o‘g‘il-qizlar o‘rtasida ushbu sport turlariga, ayniqsa, sinxron suzishga bo‘lgan qiziqish tobora ortishiga xizmat qilmoqda. Natijada, sportchilarimiz turli nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
O‘zbekiston suv sporti federatsiyasi 1992 yili tashkil etilgan. Mamlakatimizda suv sporti turlarini yanada rivojlantirish va ish faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 2013 yildan suv sportining barcha turlari mazkur federatsiya tarkibiga biriktirildi.
Federatsiya tomonidan suv sporti turlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sportchilarning mashg‘ulot o‘tkazishi uchun sharoit yaratish, malakali murabbiylar tayyorlash, nufuzli musobaqalarni tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy, xalqaro talablarga javob beradigan suv sporti saroylari va suzish havzalarining barpo etilayotgani o‘g‘il-qizlar o‘rtasida ushbu sport turlariga bo‘lgan qiziqish tobora ortishiga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda 30 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz mazkur sport turlari bilan yurtimizdagi ko‘plab suzish havzasida muntazam shug‘ullanayotir.
Ana shunday suv havzalaridan biri O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Suv sporti saroyi”dir.
Majmua 50 metrli basseyn va 500 o‘rinli tomoshagohga ega. Katta zalda xalqaro miqyosdagi musobaqalar, terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlar bor. Shuningdek, balandlikdan sakrash va sinxron suzish uchun 16×16 metrli (chuqurligi 6 metr) basseyn, bolalar uchun esa 6×12 metr o‘lchamdagi suv havzasi mavjud. Katta basseyn bir vaqtning o‘zida 100 nafar sportchiga xizmat ko‘rsata oladi, kunlik xizmat ko‘rsatish sig‘imi esa mingdan ziyodni tashkil etadi.
Majmuadagi barcha havzalar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan: avtomatik suv tozalash, filtrlash, haroratni barqaror saqlash tizimlari Ispaniyadan olib kelingan. Bundan tashqari, sportchilar uchun gimnastika va trenajyor zallari, tibbiy xizmat, kiyim almashtirish va dush xonalari to‘liq jihozlangan. Ikkinchi qavatda esa ma’muriyat, murabbiylar, sport sharhlovchilari uchun xonalar, konferensiya zali va trenajyor xonasi joylashgan.
– Chempionat yuqori darajada tashkil etilganini alohida ta’kidlamoqchiman, – dedi xalqaro toifadagi musobaqa hakami Ersek Emese (Vengriya). – Mamlakatingizda barcha sohalar qatori sportning ham jadal taraqqiy etayotgani, bolalar sportini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, yoshlarning barcha qatlamini – umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan tortib, oliy o‘quv yurtlari talabalarigacha o‘ziga qamragan noyob tizimning yo‘lga qo‘yilgani tahsinga loyiq. Bunday e’tibor sportchilaringizning xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda.
– O‘zbekistonga birinchi marta kelishim, – deydi bolgariyalik sportchi Ralitsa Georgiyeva. – Mamlakatingizda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar e’tirofga loyiq. Bu iqtidorli sportchilarning voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi. Musobaqa ishtirokchilari uchun barcha sharoit yaratilgan. Mazkur musobaqa har jihatdan yuksak saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlamoqchiman. Ulkan sport saroyida o‘z mahoratimni namoyish etayotganimdan behad baxtiyorman.
I Markaziy Osiyo ochiq chempionatining dastlabki bahslarida kattalar orasidagi texnik solo yo‘nalishida hamyurtlarimizdan Sabina Mahmudova, Muslima Mahmudjonova hamda qozog‘istonlik Akjan Muratova shohsupaga ko‘tarildi. “Suv parisi” xalqaro turnirining mazkur yo‘nalishida Sabina Mahmudova terma jamoamizga yana kumush oltin medalni keltirgan bo‘lsa, rossiyalik Valeriya Plexanova oltin, Anastasiya Golovkova bronza medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, I Markaziy Osiyo ochiq chempionatining U12 yosh toifasida solo bellashuvlarida Yelezaveta Belikova (Qozog‘iston), Alisa Morkovina (O‘zbekiston) va Anara Abdugaliyeva (Qozog‘iston) g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Shuningdek, kattalar orasidagi texnik guruh bahslarida Qozog‘iston terma jamoasi birinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, O‘zbekiston 1 va O‘zbekiston 2 terma jamoalari kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Musobaqada muvaffaqiyatga erishgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Ertaga, 16 may kuni U12, U15 va kattalar yosh toifalarida erkin solo, texnik duet, texnik mikst, erkin guruh yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Almurod Mamadaminov
O‘zA