Ilm va tabiat uyg‘unligida “Ilm-ma’rifat bog‘i” barpo etildi

167

Bugungi kunda ta’lim, fan va ekologiya sohalaridagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘nalishdagi eng ilg‘or tashabbuslardan biri – Qoraqalpoq davlat universiteti hududida barpo etilgan “Ilm-ma’rifat bog‘i”dir. Mazkur bog‘ Namangan davlat texnika universiteti tashabbusi va ilmiy yondashuvi asosida hayotga tatbiq etildi.

Bog‘da yuz tupdan ortiq manzarali ko‘chat va 500 tupdan ziyod turli xil gul ekildi. Ahamiyatli jihati, bu gullar va ko‘chatlar Namangan davlat texnika universitetining laboratoriyasi va innovatsion issiqxonasida yetishtirilgan. Bunda Namangan davlat texnika universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan gidrogel texnologiyasidan foydalanildi. Ushbu texnologiya suvni tejash va o‘simliklarni samarali parvarishlashda yuqori samara beradi. Bu esa bog‘ni nafaqat go‘zal, balki ekologik jihatdan ham barqaror makonga aylantiradi.

Tantanali ochilish marosimida ikki universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ular ushbu bog‘ning barpo etilishi – ta’lim, fan va ekologik madaniyatning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatuvchi yorqin namuna ekanini ta’kidlashdi.

– “Ilm-ma’rifat bog‘i” – bu shunchaki gullar va nihollar ekilgan hudud emas. Bu –  yosh avlod uchun tarbiya maskani, jamiyatimizda ekologik madaniyatni shakllantiruvchi o‘quv-tarbiyaviy maydon. Bog‘da har bir gul, har bir nihol ilm-fanning, mehnat va hamkorlikning timsoli. Bizni quvontiradigan jihati, gidrogel texnologiyasi kabi zamonaviy yondashuvlarning amaliyotda o‘z o‘rnini topayotganidir. Bunday tashabbuslar orqali biz nafaqat tabiatga, balki kelajak avlod tafakkuriga ham ta’sir ko‘rsatamiz – deydi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ahmed Reymov.

Tadbirda Namangan davlat texnika universiteti jamoasi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasiga 64-xalqaro gullar festivalida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnomani tantanali ravishda topshirdi. Bu taklif nafaqat an’anaviy do‘stona aloqalarni mustahkamlaydi, balki oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikning yangi bosqichini belgilab beradi.

Shubhasiz, “Ilm-ma’rifat bog‘i” kabi tashabbuslar yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, fan yutuqlarining amaliyotga tatbiq etilishi va atrof-muhitga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Bu bog‘ nafaqat bugun, balki ertangi kun uchun ham muhim poydevor bo‘lishi shubhasiz.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.