Deputat muammolarga yechim topishda o‘rnak bo‘lishi lozim

112

Nukus shahar “Qutli makan” mahalla fuqarolar yig‘inida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Murat Atamuratovning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Hududdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari hamda saylovchilar, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, jamoatchilik faollari, faxriylar ishtirok etgan tadbirda deputat Murat Atamuratovning saylovdan shu kungacha bo‘lgan davrdagi faoliyati yuzasidan hisoboti tinglandi.

Qayd etilganidek, hisobot davrida deputat o‘z faoliyatini mamlakatimiz qonunchiligining asosi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, undan kelib chiqadigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar va partiya Saylovoldi dasturida belgilangan “Islohot islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun”  tamoyilini hayotga joriy etish, aholi bandligi va real daromadlarini izchillik bilan oshirish, ijtimoiy soha, fuqarolar sog‘ligini saqlash tizimini  tubdan takomillashtirish, infrastrukturani takomillashtirish, fan va ta’lim sohasini rivojlantirish, oilani, davlat yoshlar siyosatini mustahkamlash bo‘yicha ustuvor maqsadlar asosida samarali tashkil etib, bu borada salmoqli natijalarga erishgan.

Jumladan, deputat tomonidan o‘tgan davrda 50 nafardan ortiq fuqaro murojaati yuzasidan qabullar tashkil etilib, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan masalalarga ijobiy yechim topilgan. Shu bilan birga, hududdagi mahallalarning ko‘chalari, yo‘laklar hamda ulardagi yoritish tizimlarida aniqlangan kamchiliklar borasida saylovchilarning deputatga qilgan murojaatlari tegishli tartibda bartaraf etilgan.

Tashabbuskor deputatning faoliyatiga bag‘ishlangan sarhisob tadbiri uning hududdagi ko‘plab masalalarda saylovchilar ishonchini oqlashi, aholini rozi qilishga qaratilgan amaliy ishlari bilan ahamiyatli bo‘ldi. Qolaversa, kelgusidagi muhim vazifa va maqsadlar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, deputat 2025 yil rejalari, mahalla ahlini qiynayotgan muammolar bilan ham o‘rtoqlashdi. Ko‘p yillardan beri e’tibordan chetda qolib kelayotgan ichki ko‘chalarga asfalt yotqizish, eskirgan сим­ёғочларни almashtirish, transformator o‘rnatish, tomorqa yerlarini sug‘orish va kadastr masalalari, mahalladagi bir qator ko‘chalar bo‘yiga svetofor, piyodalar o‘tish yo‘li va tezlikni pasaytiruvchi o‘tish yo‘lagini o‘rnatish va 35-sonli umumta’lim maktabiga zamonaviy oshxona qurib berish bo‘yicha murojaatlar yechimi o‘rganildi.

Hisobot uchrashuvi davomida aholining muammolari va murojaatlari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar berilgan holda amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Albatta, deputat faoliyatiga haqiqiy bahoni saylovchilar beradi. Tadbirda so‘z olgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari  raislari hamda saylovchilar deputat Murat Atamuratovning faoliyatini ijobiy baholab, uning o‘tgan davrdagi faoliyati bilan bog‘liq qator ijobiy misollarni aytib o‘tishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.