Murabbiy va ustozlar uchrashuvi

114

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi va O‘zbekiston Regbi federatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tashabbusi bilan murabbiy hamda ustozlar ishtirokida hududda ushbu sport turini yanada rivojlantirish, unga yoshlarni jalb etish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Yerkinbay Qutibayev, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, O‘zbekiston Regbi federatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi   boshlig‘i Sag‘indiq Turmanov so‘zga chiqib, o‘tgan yil mobaynida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar hamda sohadagi kamchiliklarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. So‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, sportning har xil turlarini, shu jumladan, regbini yanada ommalashtirish, sport bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoitlar va infratuzilma yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

– Regbi jismoniy baquvvat bo‘lgan yigit-qizlar shug‘ullanadigan sport turi. Nafaqat poytaxtimizda, balki tumanlarda ham jamoalar shakllanib kelmoqda. Federatsiya tomonidan regbini yoshlar o‘rtasida ham keng rivojlantirish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. O‘ylaymanki, ushbu tur mamlakatimizda eng sevib o‘ynaladigan jamoaviy o‘yinlardan biriga aylanadi, – deydi O‘zbekiston Regbi federatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i Sag‘indiq Turmanov.

Tadbirda Regbini yanada rivojlantirish, uni respublika aholisining keng qatlamlari o‘rtasida faol targ‘ib qilish va ommalashtirish, yuqori sifatli o‘quv-mashq jarayonini ta’minlash, regbichilar, murabbiylar va hakamlarning mahorat darajasi va malakasini doimiy oshirib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, regbichi-sportchilarni tayyorlash uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash doirasidagi masalalar atroflicha muhokama etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.