Parlamentlararo Ittifoqning Strategiyasi maqsadlariga mos tashabbuslar

124

Keyingi yillarda dunyodagi mavjud ko‘p qoidalar o‘zgarib ketganday. Doimiy amal qilgan me’yorlar ba’zan ishlamayotganga o‘xshaydi.

Buni yer yuzining turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Bunday o‘ta murakkab sharoitda qanday yo‘l tutmoq kerak degan savol bot-bot o‘rtaga chiqaveradi.

Jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ochilishida nutq so‘zlar ekan global dunyodagi shu kabi masalalarga ham e’tibor qaratdi.

Dunyoning e’tibori ushbu nufuzli anjumanda bo‘ldi. Ekspertlar bu yerda bildirilayotgan fikr, mulohaza va tashabbuslar ahamiyatini yuqori baholadi.

Aslida o‘z safida bir yuz sakson bitta milliy parlament va o‘n beshta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tayotganing o‘zi ham tarixiy voqea. Anjumanda bir yuz qirqqa yaqin davlatdan ikki mingdan ortiq delegat qatnashgani uning nufuzini yana bir bor namoyon etdi.

– Avvalo, O‘zbekiston mintaqada birinchilardan bo‘lib ushbu anjumanga mezbonlik qilgani va uning muvaffaqiyatli o‘tayotganini e’tirof etaman, – deydi Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson xonim. – Shu o‘rinda, yurtingizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi samara berayotganini ham tilga olishimiz kerak. Davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan barqaror, konstruktiv hamda pragmatik tashqi siyosat mintaqa taraqqiyotiga ham xizmat qilayotgani ta’kidlashim lozim. Anjuman doirasida muhokama qilingan masalalar muhim ahamiyatga ega. Bildirilgan taklif va mulohazalar xalqaro hamjamiyatning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda juda muhim. O‘zbekistonning bildirgan taklif va tashabbuslari Parlamentlararo Ittifoqning Strategiyasi maqsadlariga mos. Ijtimoiy adolatni ta’minlash va demokratik qadriyatlarni oldingi surishda bu kabi muloqotlar muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ochilishidagi nutqida dunyodagi hech bir davlat va jamiyat faqat ko‘plab qonun yoki qarorlar qabul qilish bilan rivojlana olmasligiga e’tibor qaratdi. Buning uchun barcha bu yo‘lda birlashib, qonun ijodkorligi ruhini kuchaytirib, bor bilim va tajribani yagona maqsad sari safarbar etish orqali umumiy maqsadga erisha olish mumkinligini ta’kidladi.

Assambleya doirasida o‘tgan yetmishga yaqin turli tadbir va debatlarda parlamentlar oldida turgan eng asosiy vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Istiqbolli rejalarga ko‘proq e’tibor qaratildi.

Bu kabi yirik xalqaro anjuman va forumlarga mezbonlik qilish, uni yuqori saviyada o‘tkazish O‘zbekistonning dunyoga ochilib, tashqi siyosatdagi faolligini namoyon qilmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, Otabek MIRSOATOV(surat),  O‘zA