Dushanbe va Bishkek birodarlashdi
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning Qirg‘iz Respublikasiga tashrifi doirasida Dushanbe va Bishkek shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatini o‘rnatish to‘g‘risida bitim ham imzolandi. Bu haqda “Xovar” axborot agentligi yozdi.
Mazkur hujjat ikki poytaxt iqtisodiyot, tijorat, fan-texnika, madaniyat, sport, axborot kabi muhim sohalarda teng huquq, o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida do‘stona hamkorlik qilishini nazarda tutadi.
Shu tariqa Bishkek Dushanbening 23-birodariga aylandi.
Ushbu kelishuv davlat rahbarlari ishtirokida kechgan muzokara yakunlangandan keyin imzolangan.
Darvoqe, Dushanbe Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi, Xalqaro poytaxtlar va metropoliyalar assambleyasi, Xalqaro hamda Boulder – Dushanbe qardosh shaharlar tashkilotlari, Jahon qardosh shaharlar tashkilotiga a’zo, Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika qit’alaridagi qator shaharlar bilan do‘stona aloqa o‘rnatgan.