AQSH Kongress kutubxonasiga “O‘zbekiston madaniy merosi“ turkumidagi 50-jildlik to‘plam topshirildi

AQSH Kongressi kutubxonasida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida“ turkumiga oid 50 jildlik kitob-albomlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu voqea O‘zbekistonning boy madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Marosim davomida bu noyob turkumning yaratilishi O‘zbekistonning milliy tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash, shuningdek, uni jahon miqyosida faol targ‘ib qilishga qaratilgan davlat siyosatini aks ettirishi ta’kidlandi.
Kitob-albomlar turkumi O‘zbekistonga oid va dunyoning turli mamlakatlari muzeylari hamda shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan san’at asarlari haqidagi keng qamrovli ma’lumotlar to‘plami hisoblanadi. Ushbu nashrlar madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylashda, shuningdek, uni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.
AQSH Kongressi kutubxonasining Yaqin Sharq bo‘limi rahbari Joan Uiks xonim O‘zbekiston madaniy merosining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidlab, ushbu to‘plamning topshirilishi xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishini aytdi.
Joan Uiks xonimning ta’kidlashicha, ushbu kitoblar butun dunyo tadqiqotchilari va olimlari uchun qimmatli manba vazifasini o‘taydi.
O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, to‘plamning topshirilishi AQSHning keng jamoatchiligi va ilmiy doiralariga O‘zbekistonning boy madaniy merosini chuqurroq o‘rganish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
Bu voqea O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlab, xalqlar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, 1800 yilda asos solingan AQSH Kongressi kutubxonasi dunyodagi eng yirik kutubxona bo‘lib, 170 milliondan ortiq nashrni, jumladan, kitoblar, qo‘lyozmalar, xaritalar, fotosuratlar va audio yozuvlarni o‘z ichiga oladi. U AQSH milliy kutubxonasi va AQSH Kongressi huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazi vazifasini bajaradi.
N.Usmonova, O‘zA