Yana bir Airbus A320 neo havo kemasi kutib olindi

314

Joriy yilning 29 dekabr kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2023 yildagi beshinchi Airbus A320 neo havo kemasini kutib oldi. Yangi avialaynerni qabul qilish uchun Fransiyaga ketgan aviakompaniyaning parvoz va texnik xodimlari Airbus konsernining Tuluzadagi zavod aerodromida barcha zarur tekshirish sinovlarini o‘tkazdi. Mazkur avialayner mahalliy vaqt bilan soat 08:00da Toshkent tomon parvoz qildi hamda 6 soatu 40 daqiqadan so‘ng O‘zbekiston poytaxtiga kelib qo‘ndi.

Havo kemasi BOC Aviation Limited kompaniyasidan uzoq muddatli ijara asosida sotib olingan. Shunday qilib, joriy yilda beshta Airbus havo kemasini yetkazib berish rejasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. E’tiborlisi, avialayner Uzbekistan Airways havo flotiga Yangi 2024-yil arafasida yetib keldi. Toshkent aeroportida havo kemasini aviakompaniya rahbariyati, xodimlari va ularning farzandlari tantanali kutib olishdi va samolyotdagi qulayliklar bilan yaqindan tanishishdi.

– 186 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Airbus A320neo samolyotini olib keldik, – deydi  Airbus A320neo kema sardori  Jamshidbek Odilov. – Bu samolyotimiz juda qulay, tejamkor, avtomatlashgan, uchuvchilar ishi yengilashtirilgan. Agar ehtiyot qilib ishlatsak 40-50 yil xizmat qiladi.

Havo kemasi tajribali instruktor uchuvchilari boshqaruvida olib kelindi. Aytish kerakki, aviakompaniyaning butun jamoasi – uchuvchilar, bortkuzatuvchilar, aviatexniklar, yerdagi xizmat ko‘rsatish mutaxassislari yilni yaxshi natijalar bilan yakunlash uchun bor kuch-g‘ayratlarini ishga solishdi. Natijada aviakompaniya 2022-yilda 3,9 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, joriy yilda kuni kecha 5 millioninchi yo‘lovchi ham tantanali kutib olindi.

– “Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi bu yilga buyurtma qilingan so‘nggi Airbus A320 neo samolyotini qabul qilib oldi, -deydi “Uzbekistan Airways» AJ  raisi o‘rinbosari Shuhrat Yodgorov. – Bu 22 samolyot hisoblanadi. Xabaringiz bor kechaning o‘zida “Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi 5 million yo‘lovchini qabul qilgan. Bu samolyotlarimiz keyingi yilga yo‘lovchilar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish, havo kemalari parkini to‘ldirish, yangi yo‘nalishlarni ochish, turli ob-havo sharoitida  sifatli parvozni ta’minlash – bu vazifalarning barchasi muvaffaqiyatli hal qilindi va Uzbekistan Airways 2024-yilga yangi rejalar va majburiyatlar bilan qadam qo‘ymoqda.

Yangi avialayner allaqachon jadvalga kiritilgan. U o‘zining ilk parvozini mahalliy yo‘nalishda amalga oshiradi.

Sanjar Toshpo‘latov,

Doniyor Yakubov,

O‘zA