Obod mahalla – yurt ko‘rki

Har birimizning hayotimiz, taqdirimiz, yashash tarzimiz, oilalarimizdagi ma’naviy muhit va farzandlar tarbiyasini mahalladan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillik yillarida mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab qadriyatlar, udum va an’analarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyitib borilmoqda.

Toshloq tumanidagi “Zarkent” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida 25 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yerda turmush farovonligini oshirish, obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilayotir.

Mahallaning obod va ko‘rkam bo‘lishi aholining hamjihatligi, o‘zaro mehr-oqibatiga bevosita bog‘liq. Zero, ahillik bor joyda osoyishtalik, obodlik, xotirjamlik bo‘ladi. Zarkentda bunga qat’iy amal qilinadi. Fuqarolar yig‘ini qoshidagi oqsoqollar kengashining odamlar bilan bamaslahat ish olib borayotgani har qanday masalaga oqilona yechim topish imkonini bermoqda.

Yuqoriqishloq, Turvat, Jarqishloq, Yangiyo‘l, Qashqar, Chuqurqishloq, Zarkent mahallalarida tomorqachilikda yaxshi tajriba to‘plangan. Hudud aholisi shaxsiy tormorqasidan qishin-yozin mo‘l hosil olib, bozorlar to‘kinligiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. 58 fermer xo‘jaliklari paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik va boshqa yo‘nalishlarda samarali faoliyat ko‘rsatayotir.

– Mahalla hududida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlaridan aholi mamnun, – deydi qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Abdumalik Yusupov. – 2013-yilda Chuqurqishloq aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Zarkent, Qashqar mahallalarining yangi ko‘chalariga asfalt yotqizildi. Bu boradagi ishlar joriy yilda ham davom etmoqda. Aholi bandligini ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish muhim omil bo‘layotir. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallalarda O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati keng targ‘ib etilayotir.

“Zarkent obod servis”, “Zarkent oydin yo‘li”, “Zarkent dilxush fayzi” kabi o‘ndan ortiq oilaviy korxonalar samarali faoliyat olib bormoqda. Qishloq yoshlari bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishida umumta’lim maktabi va agrosanoat kasb-hunar kollejida tashkil etilgan o‘ndan ortiq sport to‘garaklari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, qishloq fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar yurt istiqboli, el manfaatiga xizmat qilayotir.

  24.05.2017, 07:34  |    2162 ma'rte ko'rildi

Raxmet

Sayt administratsiaysi qa'te tekst haqqinda xabarlandirildi