Poytaxtimizda agrar sohaga ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazmalar ish boshladi“O‘zekspomarkaz”da agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarning “Uzbekistan Agrotech Expo – 2017” XII xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi va mashinalarining “Uzbekistan Agromash Expo – 2017” VI xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi boshlandi.

O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Fermerlar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarning ochilishida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi izchil rivojlanayotgani tufayli aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq ta’minlanishi barobarida, qayta ishlovchi korxonalarga sifatli xomashyo yetkazib berilayotgani alohida ta’kidlandi.

“Uzbekistan Agrotech Expo – 2017” va “Uzbekistan Agromash Expo – 2017” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarida Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Gollandiya, Belarus, Rossiya kabi o‘n beshdan ziyod davlatdan ellikdan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. Ular namoyish etayotgan mahsulot va xizmatlar turi keng bo‘lib, ixcham liniyalar, qadoqlash texnologiyalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bog‘dorchilik uskunalari, chorva uchun yem tayyorlash jihozlari, o‘simliklar himoyasi uchun kimyoviy moddalar, terini qayta ishlash, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish kabi yuzga yaqin yo‘nalishni qamrab olgan.

– O‘zbekiston fermerlari bilan hamkorlik qilishimizda bu yerda yaratilgan turli imtiyozlar, xususan, bojxona va investitsiyaviy preferensiyalar qo‘l kelmoqda, – deydi Janubiy Koreyaning «Farmsko» kompaniyasi direktori o‘rinbosari Kim Von Te. – O‘zbekiston bozorida qaysi mahsulotga talab yuqoriligi borasida marketing kuzatuvlar olib bordik. Unga ko‘ra, oynavand issiqxonalar, ularni isitish jihozlari, ozuqalar va konsalting xizmatlarini taklif qilishni ma’qul ko‘rdik. Issiqxonalarimizning balandligi 8 metr, ularni gaz, ko‘mir yoki elektr bilan isitish va mobil tarzda boshqarish mumkin.

O‘zbekistonning yetmishdan ziyod kompaniyasi o‘z stendlarida qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va uskunalarni ishlab chiqarish borasida mamlakatimiz salohiyatini keng namoyish etmoqda. Meva-sabzavot va ko‘katlarni quritish kameralari, parrandachilik inkubatorlari, qadoqlash-o‘rash jihozlari, chizel-kultivator, eng chekka hududlardagi obyektlarni ham elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash uchun mo‘ljallangan quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari xorijlik mehmonlar e’tiborini jalb etmoqda.

– Korxonamiz xonadonlar va dala hovlilarga biogaz uskunasi o‘rnatib berish bilan shug‘ullanadi, – deydi «Ekoravnaq» xususiy korxonasi rahbari Alijon Temirov. – Uskunalarimiz ko‘magida bir tonna tovuq, qo‘y, chorva chiqindisidan 120 kub gaz olish imkoni bor. Bu uyni va issiqxonani isitishga bemalol yetadi. Talabga qarab turli o‘lchamdagi biogaz uskunalarini o‘rnatib beramiz.

Dehqon va fermerlarimiz bugun xomashyo yetishtirish bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ular xorijning zamonaviy minitexnologiyalarini jalb qilgan holda, meva-sabzavot, go‘sht-sutni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib, oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l bo‘lishiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ko‘rgazma-savdo ham samarali bo‘lishi kutilmoqda. Italiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan meva-sabzavotni tozalaydigan uskunalar, poliz mahsulotlari sifatini aniqlaydigan moslamalar, turli muzlatkich agregatlar, vakuumli to‘ldirgichlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Germaniyaning «Agralis GmbH» kompaniyasi stendlari ham gavjum. Mamlakatimizdagi yirik chorvachilik yo‘nalishidagi «Baxt imkon rivoj chorvasi», «Yulduz», «Anortog‘ naslchilik bug‘doychilik», «Yangiyo‘l chorva zamin» kabi fermer xo‘jaliklarida mazkur kompaniya loyihalari tatbiq etilgan.

– Besh yildan buyon mazkur kompaniya bilan hamkorlikda 800 bosh naslli chorvani parvarishlamoqdamiz, – deydi Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi «Dilgiyo fayz baraka» fermer xo‘jaligi rahbari Abdumajid Sadirov. – Har gal mazkur ko‘rgazmalar sharofati bilan xo‘jalik uchun yangi jihozlar xarid qilamiz. Yangi sut fermasi, sut sog‘ish apparatlari va sovutkich uskunalari shular sirasidandir. Sut zallarini yuvish uchun kimyoviy vositalar, mineral ozuqalar, sovutkich xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladik.

«Uzbekistan Agromash Expo – 2017» xalqaro ko‘rgazmasida «Agregat zavodi» va «Chirchiqqishloqmash» aksiyadorlik jamiyatlari tarkibidagi korxonalar, «Case New Holland», «Class», «Lemken», «Amkodor» va boshqa yetakchi xorij kompaniyalarining yetmishdan ortiq turdagi mahsuloti namoyish etilmoqda.

– Ishlab chiqarayotgan texnikalarimiz fermerlarga lizing asosida ham sotilmoqda, – deydi “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” aksiyadorlik jamiyati direktori o‘rinbosari Abdulla Rahmonov. – Bugungi ko‘rgazmada 100 ot kuchiga ega paxta terish mashinasi va to‘rt tonnalik tirkamalarga qiziqish juda yuqori bo‘layotir. Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari tashqi bozorda raqobatdoshligi bilan eksport salohiyatimizni yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilgan 500 paxta terish mashinasini Turkmanistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnomamiz bor. Ko‘rgazmalar doirasida qozog‘istonlik tadbirkorlar bilan ham kelishuvga erishdik.

Ushbu ko‘rgazmalar qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy minitexnologiyalarni keng jalb qilish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ko‘rgazmalarda mamlakatimizning barcha hududidan fermerlar, kichik biznes subyektlari taklif etilgan. Xaridlarni moliyalashtirish bo‘yicha tijorat banklari, lizing va sug‘urta kompaniyalari mutaxassislari tomonidan zarur maslahatlar berilmoqda. Shartnomalarni rasmiylashtirish, sotib olingan uskunalarni manzilga yetkazish bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatiladi.

Ko‘rgazmalarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.