O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jahon axborot makoni globallashuvining kuchayishi ommaviy axborot vositalari sohasida dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga tez va mos ravishda munosabat bildirish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik qayta o‘zgarishlar haqida respublika aholisini, dunyo hamjamiyatini o‘z vaqtida va xolisona xabardor qilish tizimini takomillashtirish masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda.

Ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, davlat va nodavlat davriy bosma nashrlar, teleradiostudiyalar, tahririyat-matbaa komplekslarining miqdor va sifat jihatidan o‘sishi, fuqarolik jamiyati institutlari, reklama agentliklari, axborot xizmatlari, media kommunikatsiya, internet jurnalistikasining shakllanishi raqobatbardosh, yangicha shart-sharoitlarda ishlay oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlash zaruratini taqozo etmoqda.

Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil hisoblanadi. Bu borada chinakam milliy jurnalistika maktabini shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va Internet tarmog‘idagi tahliliy saytlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga egadir.

Bugungi kunda yurtimizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarur. Biroq, mamlakatimizda bunday keng ko‘lamli vazifani hal etadigan tayanch oliy ta’lim muassasasi mavjud emas.

Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ko‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash, shuningdek, hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy- tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini ta’minlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata’lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:

jurnalistika sohasini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslari, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan, yuqori malakali jurnalist kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;

mamlakatimizning ommaviy kommunikatsiya va jurnalistika sohasida erishgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasi va hududlarda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli yo‘nalishlar hamda mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish, shuningdek, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini va masofadan o‘qitish usullarini joriy etish;

jurnalistika sohasi ta’limini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;

o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

istiqbolli yosh bitiruvchilarni xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarining magistratura va doktoranturasida ta’lim olish uchun muntazam yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;

respublika ommaviy axborot vositalari mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-metodik bazasini shakllantirish va o‘quv-metodik rahbarlikni amalga oshirish.

4. Quyidagilar:

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

2018-2021 yillarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Universitet tuzilmasiga oliy ta’lim muassasasi uchun belgilangan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

5. 2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavrlar va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qabul kvotalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qayd etilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasi asosida Universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasb layoqatini aniqlashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, “Oliy jurnalistika kurslari” bo‘yicha qabul to‘xtatiladi hamda ushbu ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettiradilar;

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Universitetga talabalarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlarini o‘rganib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga Universitetning sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalarini shakllantirish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritsin.

Qayd etilsinki, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari 2018/2019 o‘quv yilida Universitet bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan qabul kvotalarining o‘ttiz foizigacha bo‘lgan miqdorda belgilanadi.

7. Belgilansinki, Universitet uchun bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativi 1:6,0 nisbatda o‘rnatiladi va Universitet professor-o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga o‘ttiz foiz ustama qo‘shib hisoblanadi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

bir oy muddatda Universitet ustavining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi choralarini ko‘rsin;

2018-yil 15-iyunga qadar Universitetning bo‘limlari, fakultetlari va kafedralarini shakllantirishni, tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq professor-o‘qituvchilar tarkibini yuqori malakali, ta’lim tizimida zamonaviy bilimlarga, shuningdek, amaliy ish tajribasiga ega mutaxassislar bilan to‘ldirilishini, professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va darajasini uzluksiz oshirish uchun sharoitlar yaratilishini, o‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar keng jalb etilishini ta’minlasin;

2018-yil 15-iyulga qadar jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlashga oid ilg‘or xorijiy tajriba asosida o‘quv rejalari va fan dasturlari, o‘quv-metodik materiallar va qo‘llanmalar ishlab chiqilishini va kafedralarga yetkazilishini ta’minlasin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda talabalarning malakaviy amaliyotlarini belgilangan tartibda milliy, shuningdek, ilg‘or xorijiy ommaviy axborot vositalari bazasida tashkil etish choralarini ko‘rsin;

Universitetning boshlang‘ich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida uning bino va inshootlarini joriy ta’mirlash va jihozlash (mebellar, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari) uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalansin.

9. Universitet kadrlar buyurtmachilari ro‘yxati va ularga biriktiriladigan talabalar soni 4-ilovaga hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot o‘tash obyektlariga biriktirilishi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Quyidagilar Universitetda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

korxona va tashkilotlar obyektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va “ustoz-shogird” tizimi asosida o‘talishini ta’minlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi me’yoriy hujjatlari, zamonaviy axborot dasturiy ta’minot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish;

ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qo‘shimcha ish haqlarini tayinlash;

manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni ta’lim jarayonida ishtirokini ta’minlash;

korxona va tashkilotlarda professor-o‘qituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish imkoniyatini yaratish. Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan o‘qishni bitirganidan so‘ng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy to‘lov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda to‘lab berishi mumkinligi qayd etilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Universitetning professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga malakasini oshirish va doktoranturaga yuborish, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini muntazam tashkil etsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Universitetda jurnalistika sohasi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash ochish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

13. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan va shartnomalar asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

14. Toshkent shahar hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Markaz-5, 88-uyda joylashgan Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Universitetga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejining o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Universitet binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Universitetni onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan ta’minlash, shuningdek, Internet hamda elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Universitetning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash ishlarini 2019 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilishi bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Universitetni saqlash xarajatlarini 2018-yilda ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida ajratishni, 2019 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin;

Universitetga 2 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Vasiylik kengashining tarkibini tasdiqlasin;

Universitetning moddiy-texnika bazasini yaratish, shu jumladan, talabalar turar joyini qurish va jihozlash, kichik bosmaxona va o‘quv telestudiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov va O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 24-may