Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
 
q a r o r i
So‘nggi yillarda madaniyat va san’at sohasini tubdan isloh qilish va takomillashtirish, madaniyat va san’at muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, madaniyat va san’at muassasalari binolarini qurish va ta’mirlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hududlarini obodonlashtirish, aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish borasidagi ishlar talab darajasida emas.
Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, ushbu sohadagi muassasalar tarmog‘ini kengaytirish va ularning moddiy-texnik ahvolini mustahkamlash, aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish hamda davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shakllarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:
madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalarining binolarini qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga yer uchastkalari ajratish;
mavjud davlat madaniyat va san’at muassasalari binolarini rekonstruksiya qilish va jihozlash, keyinchalik esa ularni otaliqqa olish sharti bilan madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalari obyektlarini qurish uchun bepul asosda yer uchastkalarini taqdim etish;
konsessiya asosida qurilish uchun yer uchastkasi yoki rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish;
bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini, shu jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat madaniyat va san’at muassasalarining binolarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “nol” xarid qiymatida sotish;
davlat madaniyat va san’at muassasalarining foydalanilmayotgan binolarini (yoki ularning bir qismini) ijara haqining “nol” stavkasida maqsadli foydalanish uchun xususiy sheriklarga berish;
xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan madaniyat
va san’at nodavlat muassasalarini moddiy-texnik, moliyaviy va metodik ta’minlash;
otaliq shaklidagi xayriya faoliyatini olib borish.
Belgilansinki, madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
2. Davlat-xususiy sheriklik shakliga qarab xususiy sherikka quyidagi investitsiya majburiyatlari yuklanishi mumkinligi belgilab qo‘yilsin:
madaniy xizmat ko‘rsatishda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifasiga imtiyozlar berish;
madaniyat va san’at muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash borasidagi ishlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish;
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutiladigan boshqa majburiyatlarni bajarish.
3. Belgilansinki, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim:
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalari bo‘yicha tuziladi. Bunda ushbu qarorning 1-bandi yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda tanlov o‘tkazilmaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi yoki “O‘zbekkino” Milliy agentligi tegishli ravishda o‘z tizimlarida davlat tomonidan xususiy sherik bilan bitim tuzadi va bitim shartlarini xususiy sherik qanday bajarayotgani bo‘yicha monitoring olib boradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklikni rag‘batlantirish tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasida ochiladigan alohida hisobvaraqda (keyingi o‘rinlarda maxsus hisobvaraq deb yuritiladi) jamlash to‘g‘risidagi;
madaniyat va san’at nodavlat muassasalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil qilingan shunday muassasalarga davlat madaniyat va san’at muassasasining yillik daromadlari va xarajatlaridan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
5. Quyidagilar maxsus hisobvaraqni shakllantirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan ekvivalenti 100,0 million AQSH dollari miqdoridagi kreditlar;
davlat madaniyat va san’at muassasalari negizida madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini tashkil etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida tijorat banklaridan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining 7 foizdan oshgan qismini qoplab berish uchun har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining maqsadli mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning xayriyalari, kreditlari (qarzlari) va grantlari;
maxsus hisobvaraqning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
maxsus hisobvaraqdagi mablag‘lar tuman va chekka qishloq joylardagi teatrlar, kinoteatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, konsert zallari, hayvonot bog‘lari va boshqa madaniy obyektlar negizida madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini tashkil etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga foizsiz asosda imtiyozli kredit berish uchun tijorat banklariga taqdim etiladi;
maxsus hisobvaraq mablag‘laridan imtiyozli kreditlar tijorat banklari tomonidan madaniyat va san’at sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga 10 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 7 foizli stavka bo‘yicha ajratib beriladi.
7. Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar amal qilishining quyidagi muddatlari belgilansin:
madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalarning binolarini qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga yer uchastkalari ajratish bitimi – kamida 30 yil;
mavjud davlat madaniyat va san’at muassasalari binolarini rekonstruksiya qilish va jihozlash, keyinchalik esa ularni otaliqqa olish sharti bilan madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalari obyektlarini qurish uchun bepul asosda yer uchastkalarini taqdim etish bitimi – kamida 30 yil;
bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini, jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat madaniyat va san’at muassasalarining binolarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “nol” xarid qiymatida sotish bitimi – kamida 30 yil;
davlat madaniyat va san’at muassasalarining foydalanilmayotgan binolarini (yoki ularning bir qismini) ijara haqining “nol” stavkasida maqsadli foydalanish uchun xususiy sheriklarga berish bitimi – 30 yilgacha;
konsessiya asosida qurilish uchun yer uchastkasi yoki rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish bitimi – 15 yilgacha;
xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan madaniyat
va san’at nodavlat muassasalarini moddiy-texnik, moliyaviy va metodik ta’minlash bitimi – kamida 10 yil;
otaliq shaklidagi xayriya faoliyatini olib borish bitimi – kamida 1 yil.
Olingan imtiyozli kredit asosida yoki davlat-xususiy sheriklik shartlarida tadbirkorlik subyektlariga topshirilgan obyektlarda madaniyat va san’at nodavlat muassasasi faoliyati tashkil etilgan kundan boshlab davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar amal qilishining muddatlari mobaynida uni qayta ixtisoslashtirish taqiqlanadi.
8. Davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etilgan madaniyat
va san’at nodavlat muassasalari:
asosiy faoliyati bo‘yicha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan;
o‘zlarining ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan texnik vositalar va boshqa jihozlar davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan kundan boshlab 3 yil muddatga bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinsin.
Belgilansinki, ushbu bandda ko‘rsatilgan soliq va bojxona imtiyozlari madaniyat va san’at sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlardan olinadigan sof tushum ulushi umumiy realizatsiya hajmida hisobot (soliq) davri yakunlariga ko‘ra kamida 80 foizni tashkil etadigan madaniyat va san’at nodavlat muassasalariga nisbatan qo‘llaniladi.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari, shuningdek, rekonstruksiya qilinishi va mukammal ta’mirlanishi lozim bo‘lgan davlat madaniyat va san’at muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning ro‘yxatini tuzsin;
har yili 1 fevralga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlarida madaniyat va san’at nodavlat muassasalarining binolarini qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga ajratilishi mumkin bo‘lgan yer uchastkalarini aniqlab, ularning tasdiqlangan ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligiga taqdim etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qisqa muddatlarda madaniyat va san’at nodavlat muassasasini tashkil etish uchun yer uchastkasi ajratilishini, shuningdek, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini qurishda ularni mahalliy byudjetlarning mablag‘lari hisobiga loyiha xarajatlari hamda barcha zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiyasi, gaz ta’minoti, suv ta’minoti, kanalizatsiya, avtomobil yo‘llari va boshqalar) bilan ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida nizomni tasdiqlasin;
madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan davlat mulki obyektlari ro‘yxatini tasdiqlasin va uning har yili yangilab borilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
maxsus hisobvaraq mablag‘laridan foydalanish tartibi;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida faoliyat yuritadigan madaniyat va san’at muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining markaziy apparati tuzilmasida:
3 shtat birligidan iborat bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi;
2 shtat birligidan iborat bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari monitoringi bo‘limi;
3 shtat birligidan iborat bo‘lgan YUNЕSKO bilan ishlash boshqarmasi tashkil qilinsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan monitoring olib borilishini ta’minlasin hamda bajarilgan ishlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda madaniyat va san’at sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini ko‘rsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi davlat-xususiy sheriklik bitimini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi va shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi hamda xususiy sheriklar tomonidan o‘z zimmalariga olingan majburiyatlarga rioya qilinishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yilsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mazkur qarorda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar, madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari haqida tadbirkorlik subyektlari orasida keng qamrovli tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.
17. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari mazkur qarorning mazmuni va ahamiyati keng yoritilishini hamda aholiga yetkazilishini tashkil etsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–2778-son qaroriga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
19. Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                   Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018-yil 1- avgust