Ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorliklarni undirish masalalari bo‘yicha yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini yaratish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini tashkil etishda samarali hamkorlikni ta’minlash, zamonaviy axborot- kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda qarzdorlikni undirish choralarining tezkorligi va ta’sirchanligini oshirish maqsadida:

1. Bosh prokuraturaning O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosida (keyingi o‘rinlarda – Byuro) quyidagilarga mo‘ljallangan Ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorliklarni undirish masalalari bo‘yicha yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini (keyingi o‘rinlarda – Yagona elektron hamkorlik tizimi) yaratish haqidagi taklifi ma’qullansin:

qarzdor-jismoniy shaxslar va ularning mol-mulklari, shuningdek, olib berilishi lozim bo‘lgan bolani qidirishda Byuro va davlat organlari, bank muassasalari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida tezkor axborot almashish;

davlat ijrochilarining qarorlari, topshiriqlari, ko‘rsatmalari, bildirishnomalari va boshqa xabarnomalarini, shuningdek, ularga javoblarni tegishli davlat organlari, bank muassasalari va boshqa tashkilotlariga elektron hujjat ko‘rinishida yuborish (qabul qilish);

sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishdan bo‘yin tovlayotgan qarzdorlarga, shu jumladan ularning mol-mulklari va mulkiy huquqlariga nisbatan cheklov choralarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘z vaqtida qo‘llash.

2. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda Byuro bilan elektron hamkorlikni amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda – hamkorlik qiluvchi tashkilotlar) ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Byuroga mazkur ro‘yxatni boshqa davlat organlari va tashkilotlar bilan kengaytirish, shuningdek, ular bo‘yicha qarzdorliklarni undirish masalalari bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlik sxemasini kelishilgan holda belgilash huquqi berilsin.

3. Belgilansinki, Byuro va hamkorlik qiluvchi tashkilotlar o‘rtasidagi qarzdorliklarni undirish bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlik:

2-19-ilovalarga muvofiq sxemalar bo‘yicha;

mavjud ma’lumotlarning tezkorligi va haqqoniyligini ta’minlagan va qonun hujjatlariga muvofiq axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni ko‘rgan holda ruxsatsiz foydalanishga imkon bermaydigan himoyalangan telekommunikatsiya tarmoqlari orqali;

hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish yoki hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning ma’lumotlar bazalarini Byuroning axborot tizimida takrorlash va muntazam yangilab borish yoxud hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlarini Byuroning axborot tizimi bilan integratsiya qilish yo‘li bilan;

Byuro va hamkorlik qiluvchi tashkilot o‘rtasida tuziladigan elektron hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar va texnologik yo‘riqnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Belgilansinki, hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlaridagi yoki ma’lumotlar bazalaridagi takomillashtirishlar yoxud elektron hamkorlik to‘g‘risidagi texnologik yo‘riqnomaning o‘zgarishiga olib kelayotgan har qanday o‘zgartirish Byuro bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi va Yagona elektron hamkorlik tizimiga integratsiya qilinadi.

5. Byuro O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar bilan birgalikda 2018 yil 1 sentabrga qadar:

hamkorlik qiluvchi tashkilotlar bilan elektron hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar va texnologik yo‘riqnomalar tuzilishini;

hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilishni inobatga olgan holda Yagona elektron hamkorlik tizimi ishga tushirilishini ta’minlasin.

Belgilansinki, hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish bo‘yicha ishlar, shu jumladan dasturiy ta’minotni yaratish, o‘z xodimlarini elektron raqamli imzo bilan ta’minlash Byuro va hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                             Ш.Мирзиёев

Toshkent shahri, 2018-yil 13-mart

  13.03.2018, 15:30  |    183 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!