Shirin shahrida ikkita sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni barpo etildi

Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahrida ikkita sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimizda aholining sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish, yangi sport inshootlari qurish va mavjudlarini ta’mirlash, bolalar sportini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Loyiha qiymati 420 million so‘m bo‘lgan 22×42 va 25×50 hajmli mini-futbol maydonlari qisqa fursatda barpo etildi. “Otabek-BS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mazkur sport majmuasida kiyinish va yuvinish xonalari ham mavjud. Obyektning foydalanishga topshirilishi bilan bir nechta yangi ish o‘rni yaratildi.

– “Mikrokreditbank”ning 167 million so‘m krediti hamda korxonamizning 253 million so‘m mablag‘i evaziga barpo etilgan mini-futbol maydonlari biznes rejamizning dastlabki bosqichidan o‘rin olgan, – deydi “Otabek-BS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor Bobur Xolboyev. – Kelgusida trenajyor zali, ochiq va yopiq suzish havzalari va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham barpo etish rejalashtirilgan.

  24.05.2017, 07:29  |    1998 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!