Ustyurt kengliklarida tarqalgan “oltin tomir”ning bir kilogrammi xalqaro bozorda 200-500 dollargacha narxlanishini bilasizmi?

Ustyurt kengliklarida tarqalgan "oltin tomir"ning bir kilogrammi xalqaro bozorda 200-500 dollargacha narxlanishini bilasizmi?

Amudaryo deltasi, Qizilqum va Ustyurt kengliklarida tarqalgan va “cho‘l jensheni”, “sahrodagi hayot ildizi”, “oltin tomir” nomlari bilan ataluvchi sistanxe o‘simligi farmatsevt olimlar e’tiborini tortmoqda.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi dotsenti Nizamatdin Mamutovning so‘zlariga ko‘ra, 2 ming yildan buyon Xitoy tibbiyotida foydalanib kelinayotgan bu o‘simlik ko‘p kasalliklarga davo va umrni uzaytirish xususiyatiga ega. Sistanxe bo‘g‘inlardagi og‘riqlar, buyrak kasalliklarini davolash, shuningdek, xotira va immunitetni mustahkamlash, asabni tinchlantirishda, ayniqsa, miya o‘simtasining oldini olishda tengi yo‘q darmon hisoblanadi.

– Bir-ikki yil avval Shimoliy Koreya va Xitoydan kelgan dori tayyorlovchilar ushbu o‘simlikni aholidan ko‘p miqdorda sotib olib, yurtlariga olib ketishardi, – deydi N.Mamutov. – Eshitishimcha, xalqaro bozorda maydalangan sistanxening bir kilogrammi 200-500 AQSh dollarigacha narxlanar ekan.

2.jpg

Sistanxelar saksovul, qandim singari o‘simliklar ildizida uchraydi, Qoraqalpog‘istonda uning 4 turi o‘sadi.

Ayni paytda Yer yuzida 500 ming xil o‘simlik mavjud bo‘lsa, uning faqat 20 ming turidan ozuqa sifatida foydalaniladi. 18 ming turi shifobaxsh xususiyatga ega. Sistanxe Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Pireney yarim oroli cho‘llaridagina o‘sadi. Yaponiya, Xitoy va Qozog‘iston farmatsevtikasi bilan kosmetologiyasida keng qo‘llaniladi. «Kazinform» saytining ma’lumotlariga qaraganda, Qozog‘istonda u «bo‘ri ozuqasi» deb ataladi. Ovchilar va o‘rmon atrofida yashovchilarning kuzatuvlariga qaraganda, sovuq qishdan chiqqan holsiz bo‘ri shu o‘simlik ildizini iste’mol qilib, kuch oladi.

Hozirgi vaqtda Qozog‘iston Markaziy Osiyoda sistanxeni qayta ishlab, eksport qilayotgan yagona davlat bo‘lib, uning asosiy xaridorlari Yaponiya, Xitoy va boshqa Shimoli-sharqiy Osiyo davlatlaridir. Qozog‘istonning Jambil viloyatidagi sexda yiliga 100 tonnadan ortiq quritilgan sistanxe yetishtiriladi. Qimmatli xomashyo sifatida mazkur o‘simlikka bo‘lgan talab yildan-yilga ortmoqda.

3.jpg

Olimlarning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda saksovuldan yonilg‘i sifatida foydalanilishi oqibatida sistanxe o‘simligi kamayib ketmoqda, hatto yo‘q bo‘lib ketish xavfi mavjud. Ilgari Rossiya hududida ham ko‘p tarqalgan bu o‘simlik bugungi kunda Qizil kitobga kiritilgan.

– Qoraqalpog‘istonda shifobaxsh xususiyatga ega, bebaho o‘simliklar juda ko‘p, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutining o‘simliklar ekologiyasi laboratoriyasi boshlig‘i, biologiya fanlari nomzodi Xolida Matjonova. – Hozir hududda o‘sadigan 1110 turdagi o‘simlikning 37 foizi (410 dan ziyod turi) shifobaxsh xususiyatga ega. Orol dengizining qurib qolgan qirg‘og‘ida o‘sadigan 73 turdagi o‘simlikning 13 turi, Ustyurtda 85 va sahroli hududlarda 66 turdagi shifobaxsh o‘simliklar topilgan. Ulardan 45 ga yaqini kamayib ketayotgan, kam uchraydigan va yo‘q bo‘lish ketish arafasida turgan shifobaxsh o‘simliklardir. Xususan, qo‘ng‘ir qumuzum, oddiy unabi va yuraksimon torol shifobaxsh o‘simliklari Qizil kitobga kiritilgan.

O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limining Tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti o‘simliklar ekologiyasi laboratoriyasiga qarashli 10 kvadrat metr yerda va Fanlar akademiyasining Botanika bog‘ida hozirgi vaqtda kalendula, donnik, topinambur singari 23 turdagi mahalliy shifobaxsh o‘simliklar ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. 2012 yildan sassiq (badbo‘y) kovrak, pechak, adiraspan, qashqarbeda o‘simliklarini dori uchun xomashyo sifatida foydalanish maqsadida mahalliy sharoitda o‘stirish, biologik xususiyatlarini o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. Natijalar mahalliy va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar to‘plamlarida, O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Axborotnomasida yoritildi.

Shuningdek, mahalliy olimlarning tadqiqotlari yurtimizda Orol dengizining shimoliy tomonlarida boshqa yurtlarda uchramaydigan 60 dan ortiq turdagi o‘simliklar borligini ko‘rsatdi. Ulardan Korolkov chirmovug‘i, Berg boychechagi, to‘rsimon boychechak, Borshov piyozi, Turkiston sarsabili, Lemanna kovragi, ko‘p poyali devyasil yovvoyi o‘simliklari shifobaxsh xususiyatga ega.

– Shifobaxsh o‘simliklardan olinadigan dori-darmon preparatlari qon-tomir va asab tizimi, buyrak, jigar xastaliklari, oshqozon-ichak trakti singari ko‘p kasalliklarni davolashda va ularning oldini olishda muhim ahamiyatga ega, – deydi laboratoriya ilmiy xodimi Marina Oryol. – Ayni paytda dunyodagi barcha dori-darmon preparatlarining 30 foizdan ko‘prog‘i o‘simliklardan olinadi. Jahon bozoridagi har uchinchi preparatning shifobaxsh o‘simlikdan tayyorlanishi ham aniq ma’lumot. Bundan tashqari, o‘simlikdan tayyorlangan dori preparatlarining bahosi ko‘pincha sintetik preparatlardan birmuncha arzon bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ko‘pchilik kasalliklar bilan kurashishga imkon beradigan madaniy va yovvoyi shifobaxsh o‘simliklar o‘sadi. Bunday o‘simliklarni asrash va ko‘paytirish kerak. Buning uchun ekologik toza hududlarda shifobaxsh o‘simliklar ekiladigan plantatsiyalar yaratish lozim.

Misol uchun, ilmiy tilda “garmala” deb nomlanuvchi oddiy adiraspan o‘simligi zaharli bo‘lishiga qaramasdan, garmalol alkaloidi, garmin, garmidin, garmalin singarilar ruhiyatning buzilish holatlarida samarali davo bo‘la oladigan moddalarga boy. Bundan tashqari, o‘simlik yaprog‘ida foydali efir moyi ko‘p bo‘lib, tibbiyotda keng qo‘llaniladi. Adiraspanning urug‘i ham ajoyib xususiyatga ega. U zo‘riqish va charchoqni oladi. Adiraspan qumli, shag‘al (sheben)li joylarda ham o‘saveradi, shuning uchun uni yetishtirish ko‘p mehnat talab qilmaydi. Lekin keyingi yillarda tabiiy holda o‘sadigan adiraspanni gullayotgan vaqtida yulib olish holatlari ko‘p uchramoqda. Bu ularning ko‘payishiga to‘sqinlik qilib, kamayib ketishiga sabab bo‘layotir.

Yana bir qiziq ma’lumot: hovlimiz atrofida o‘sadigan petrushka, otquloq (bargizub) va pechakning urologik kasalliklarga, beda bilan lattatikanning teri kasalliklariga, rayhonning revmatizm, momaqaymoqning oshqozon-ichak kasalliklariga davo bo‘lishi aniqlangan. Bunday shifobaxsh o‘simliklarni oddiy uy sharoitida yetishtirishni yanada keng yo‘lga qo‘yib, qish faslida ham unumli foydalana olsak, o‘z sog‘lig‘imizni yanada ishonchli himoya qilgan bo‘lar edik.

M.Pirnazarova,
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi muxbiri.

 

O‘zA

  31.01.2018, 07:43  |    655 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!