Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanidagi “LT Textile International” xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Qashqadaryo viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish, jarayonga xorijiy investorlarni keng jalb qilish, mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-yil Qarshi tumanida “LT Textile International” xorijiy korxonasi, Qarshi shahrida “Sulton Tex Group” xususiy korxonasi va boshqa ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Davlatimiz rahbari Qarshi tumani “Qoratepa” qishloq fuqarolar yig‘inidagi Fayzobod qishlog‘ida joylashgan “LT Textile International” xorijiy korxonasida bo‘ldi.

Prezidentimiz o‘tgan yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida ushbu korxonada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishgan, quruvchilarga o‘z maslahat va tavsiyalarini bergan edi.

Xitoylik investorlar mablag‘i evaziga bunyod etilgan mazkur korxonaning birinchi bosqichi 2017-yil iyul oyida foydalanishga topshirildi. Bu yerga Germaniya va Shveytsariyadan zamonaviy va energiyatejamkor to‘qimachilik asbob-uskunalar keltirib o‘rnatildi. 700 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. 60 nafarga yaqin yoshlar Xitoyda kasb mahoratini oshirib qaytdi.

Korxonada paxta tolasi qayta ishlanib, yiliga 22 ming tonna ip-kalava mahsuloti ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Mahsulotning asosiy qismini eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. O‘tgan davrda 4 ming 600 tonnadan ziyod paxta tolasi qayta ishlanib, 3,5 ming tonnadan ziyod ip-kalava eksport qilindi.

Prezidentimiz xorijiy korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchi-xodimlar bilan muloqot qildi. O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shadigan xorijlik investorlarga barcha sharoit yaratib berilishi aytildi.

Bizning asosiy maqsadimiz eksport faoliyatini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishdir, dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerda Qashqadaryo viloyatida tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish dasturi taqdim etildi.

Xususan, “LT Textile International” mas’uliyati cheklangan jamiyatini rivojlantirishning II va III bosqichlari doirasida amalga oshiriladigan ishlar loyihasi haqida ma’lumot berildi. 2019-yil ikkinchi choragida loyiha foydalanishga topshirilgach, ip-kalava va aralash ip-gazlama hajmi oshiriladi, 650 ta ish o‘rni yaratiladi.

Qarshi shahridagi “Sulton Tex Group” xususiy korxonasida yengil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA