Prezidentimiz Abul-Mu’iyn an-Nasafiy ziyoratgohidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan Abul-Mu’iyn an-Nasafiy qadimiy ziyoratgohlardan sanaladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Abul-Mu’iyn an-Nasafiy maqbarasini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, buyuk olim asarlarini xalqimizga yetkazish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi.

Ayni paytda mazkur ziyoratgohda keng ko‘lamli qayta ta’mirlash, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Abul-Mu’iyn an-Nasafiy kalom ilmining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lib, u Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya ta’limotining dunyoda keng miqyosda tarqalishiga katta hissa qo‘shgan allomalardandir.

U kishi ilmu urfonda yetuk, ziyoli bir oilada ulg‘aygan. Ajdodlaridan aksariyati, ayniqsa, fiqh ilmi sohasidagi ulkan salohiyatlari bilan xalq orasida obro‘ qozongan. Abul-Mu’iyn an-Nasafiyning katta bobosi Makhul Nasafiy Imom Moturidiyning shogirdi bo‘lgan. Bobosi Mu’tamid ibn Makhul Nasafiy esa hanafiy olimlar orasida mashhur edi. Abul-Mu’iyn an-Nasafiy boshlang‘ich ilmni bobosi va otasidan oladi.

Arab olimi Xayriddin az-Zirikliy “Al-A’lom” asarida va Umar Rizo Kahhola “Mu’jam al-muallifiyn” asarida Abul-Mu’iyn an-Nasafiyning 1027- yil Nasaf (hozirgi Qarshi) shahrida tug‘ilganligini zikr etgan. Uning vafoti haqida esa aksar manbalarda 1114- yil ko‘rsatilgan.

Jahon kutubxonalarida saqlanadigan Abul-Mu’iyn an-Nasafiyning asarlari orasida “Tabsirat al-adilla fi usul ad-diyn a’la tariqati Abi Mansur al-Moturidiy”, “Bahrul-kalom fi ilmil kalom” va “At-tamhid li qova’idit tavhid” kitoblari juda e’tiborli hisoblanadi. Uning “Tabsirat al-adilla fi usul ad-diyn a’la tariqati Abi Mansur al-Moturidiy” (Din asoslarini imom Abu Mansur Moturidiy tariqatiga binoan dalillar bilan sharhlash) asarida moturidiya ta’limoti dalillar bilan sharhlanadi. Olimning “Bahrul-kalom fi ilmil kalom” asari moturidiya maktabining kalom ilmi bo‘yicha asosiy manbalaridan biridir.

Davlatimiz rahbari ulamolar bilan suhbatda buyuk bobokalonimiz asarlari bugungi kun uchun ham g‘oyat ahamiyatli ekani, ularni qayta nashr qilib, mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimiz ziyoratgohda saqlanayotgan qadimiy Qur’on nusxasini ko‘zdan kechirdi, uni asrab-avaylash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

 

Umar Asrorov, O‘zA