Saudiya Arabistoni neftdan voz kechadi...mi?

Davosdagi forumda King Abdullah Economic City (KAEC) loyihasi boshqaruvchi direktori Fahd al-Rashid bayonot bilan chiqdi. Uning so‘zlariga qaraganda Saudiya Arabistoni neftdan voz kechadigan davrga qadam qo‘yadi va barpo etilayotgan «kelajak megapolislari» mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi va diversifikatsiyasini ta’minlashiga umid qiladi.

Podshohlik rasmiylari 2015-yildayoq Saudiya Arabistoni 2040-yilga borib neftdan butunlay voz kechishga tayyorligi haqida bayonot bergan edi. O‘shanda Parijda bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan konferensiyada nutq so‘zlagan podshohlik neft sanoati va mineral resurslar vaziri Ali al-Naimiy “vaqt o‘tishi bilan qazilma yoqilg‘ilari bizga kerak bo‘lmaydi. Ammo bu muddat qachon kelishini – 2040-yildami, 2050-yildami yoki kelajakdami, biz aniq bilmaymiz” degan edi.

Rasmiylarning so‘zlariga qaraganda, kelajakda mamlakat quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘yinchilardan biriga aylanadi. Buning natijasi o‘laroq, podshohlik uglevodorodlarni emas, balki elektr energiyasini eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga sayyoramizda bir milliarddan ortiq kishi elektr manbaidan bebahra yashayotgani bois qazilma yoqilg‘ilariga ham talab ortib borishini esdan chiqarish kerak emas. Vazirning fikricha, neft narxining tushib ketishi quyosh energiyasi rentabelligiga ta’sir ko‘rsatmaydi. U quyosh energiyasidan foydalanish neft va gazdan ko‘ra ancha foydali bo‘lishiga ishonishini ma’lum qilgandi.

Tahlilchilarning fikricha, Saudiya Arabistoni 2012-yildayoq uglevodorodlarni qazib olishni kamaytirishi borasida bayonot bilan chiqqan edi. Podshohlik 2032 yilga borib elektr energiyasining uchdan bir qismini quyosh energiyasi hisobidan qoplashni rejalashtirmoqda. Mamlakat, shuningdek, atom va shamol energetikasiga ham katta e’tibor qaratmoqda.

Saudiya Arabistoni neft zahirasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Podshohlikning neft zahirasi 260,2 milliard barrelga teng ekani aytiladi. Bu yer yuzidagi zahiralarning to‘rtdan bir qismi demakdir. 2015-yilning aprel oyida podshohlik so‘nggi 10 yilda neft qazib olishni bir kecha-kunduzda 10,3 million barrelga chiqarib bu boradagi rekordni yangiladi.

Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqda eng ko‘p benzin iste’mol qiladigan davlat hisoblanadi. Qazib olinayotgan neftning 25 foizdan ortig‘i ichki bozorda ishlatiladi. 2012 yilda Citigroup bergan hisobotga qaraganda, ichki bozorda neftga talab shu darajada ketadigan bo‘lsa, u holda Saudiya Arabistoni 2030 yilga borib neft importchisiga aylanib qolishi mumkin ekan. Biroq hukumat qachonlardir Saudiya Arabistonida neft, gaz va ko‘mirdan foydalanishga ehtiyoj qolmasligiga ishonmoqda.

normal_1g7i.jpg

Zamonaviy Saudiya Arabistoni haqida qisqacha ma’lumot beradigan bo‘lsak. 

Podshohlik 1932-yilda tashkil topgan. Uning asoschisi o‘sha vaqtdagi Saudlar sulolasining rahbari Abdul Aziz al-Saud hisoblanadi. Uzoq davom etgan urushlardan so‘ng u mamlakatni birlashtirib, o‘zini Saudiya Arabistoni podshohi deb e’lon qildi. O‘sha vaqtdalarda Arabistonda neft deyarli qazib olinmasdi. 1933-yilda podshoh Ibn Saud AQSh neft kompaniyalariga neft konlarini qidirish va qazib olishga ruxsat berdi. 1938-yilning mart oyida podshohlikda “qora oltin” zahirasi mo‘l-ko‘l ekani oydinlashdi.

Ammo qazib olish Ikkinchi jahon urushidan keyingina boshlandi. 1946-yilda boshlangan qazishma ishlari asosan Buyuk Britaniya va Gollandiya kompaniyalari va kapitali hisobiga olib borildi.

1949-yilda podshohlikda neft sanoati paydo bo‘ldi. Davlat asoschisining vafotidan keyin taxtga uning o‘g‘li Saud chiqdi. Biroq u 1964-yilda ukasi Feysalga taxtni topshirdi. Podshoh Feysal 1975-yilning mart oyida jiyani tomonidan otib tashlandi. Navbatdagi podshoh Xolid AQSh bilan aloqalarni yaxshiladi. Natijada podshohlikda zamonaviy neft infratuzilmalari yaratildi. Ammo neft arzonlashmadi. 1982-yilda Xolid yurak xurujidan vafot etdi. Taxtga uning ukasi Fahd chiqdi.

Faxd hukmronligi neft narxi arzonlashgan davrga to‘g‘ri keldi. Shunga qaramay Saudiya Arabistoni iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan davlatga aylandi. O‘tgan asrning 80-90 yillarida podshohlik arab dunyosining ko‘zgusiga aylandi.

2005-yilda Faxd olamdan o‘tdi. Tojni uning ukasi Abdulla kiydi. Bu davrga kelib “qora oltin” bozoriga neft qazib oluvchi va sotuvchi yangi davlatlar chiqib kela boshladi. 2014- yilda neft narxi tushib keta boshladi. Bunga SaudiyaArabistonining neft bozoridan raqiblarini chiqarib yuborish rejasi sabab bo‘lgani aytiladi. Chunki rasmiy Ar Riyod narx mutlaqo qiziqtirmasligini, qancha xohlasa, shuncha qazib olishda davom etaverishini ma’lum qildi.

Neft zahiralari tufayli kuch-qudratga va tashqi ta’sirga ega bo‘lmish davlat amaldorining neftdan voz kechish borasidagi bayonoti tahlilchilarinng bahsu munozaralariga sabab bo‘ldi. Bayonot jahon neft bozoriga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bir narsa aniq – yaqin 20 yil mobaynida Saudiya Arabistoni “qora oltin” bahosini belgilashdagi nufuzini o‘zida saqlab qolaveradi.

Sharofiddin To‘laganov,
sharhlovchi.

 

O‘zA