Futbolchilarimiz koreyalik tengdoshlarini ayab o‘tirmadi

Xitoyda futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining yarim final uchrashuvlari o‘tkazildi.

Kunshanda joylashgan “Kunshan Stadium”da o‘tkazilgan yarim final uchrashuvida O‘zbekiston va Janubiy Koreya yoshlar terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. O‘yinning 33-daqiqasida iste’dodli futbolchimiz Zabihillo O‘rinboyev hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limning 58-daqiqasida Xvang Xyun-Su jarimadan oshirilgan topni boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi va hisobni 1:1 ko‘rinishiga olib keldi.

Bahsning asosiy vaqtida hisob o‘zgarmadi. Qo‘shimcha taymda g‘alabaga bor kuch-g‘ayratlari bilan harakat qilgan futbolchilarimiz raqib darvozasini 3 marotaba ishg‘ol qildi. Ushbu gollarga Azizjon G‘aniyev, Jasurbek Yaxshiboyev hamda Akromjon Komilov mualliflik qildi.

Shu tariqa O‘zbekiston va Janubiy Koreya yoshlar terma jamoasi o‘rtasidagi o‘yin 4:1 hisobida yakunlandi.

Endi O‘zbekiston terma jamoasi final uchrashuvida Vyetnam termasiga qarshi maydonga tushadi. Koreyalik futbolchilar esa uchinchi o‘rin uchun qatarlik tengdoshlari bilan raqobatlashadilar.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA