O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 2018-yil 21-yanvar kuni 25 yil to‘lishi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutladilar.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning maktubida bunday deyiladi: “Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan tabriklarimni qabul qilgaysiz”.

Belarus rahbari Belarus – O‘zbekiston hamkorligi ko‘plab muhim yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etgan.

Aleksandr Lukashenko “o‘zaro anglashuv, ishonch va hurmatga asoslangan davlatlararo amaliy muloqot bundan keyin ham mamlakatlarimizni barqaror rivojlantirish hamda belarus va o‘zbek xalqlarining farovonligi yo‘lida mustahkamlanib boraveradi”, deb ishonch bildirgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z maktubida mustahkam do‘stlik rishtalari, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash, umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston – Belarus hamkorligining bugungi darajasini mamlakatimiz yuksak qadrlashini ta’kidlagan.

“Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va ko‘p qirrali hamkorligimizni kengaytirishga bo‘lgan o‘zaro intilish tufayli biz qisqa fursatda aniq natijalarga erishdik”, deyiladi maktubda.

“O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uni aniq amaliy mazmun bilan boyitish uchun oldimizda hamkorligimizning mavjud salohiyatini to‘liq ishga solishdek muhim vazifa turibdi, – deb qayd etgan davlatimiz rahbari. – Shu ma’noda, Sizning O‘zbekistonga tashrifingizni intizorlik bilan kutyapman. Bu bizga o‘zaro munosabatlarimizning barcha jihatlarini har tomonlama muhokama qilish, shuningdek, yaqin yillarga mo‘ljallangan hamkorligimizning istiqbolli yo‘nalish va loyihalarini belgilab olish imkonini berishi shubhasiz”.

 

O‘zA