Gruziya delegatsiyasining uchrashuvlari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida Gruziya parlamenti raisi Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev bilan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar qaror topgani qayd etildi. Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash orqali mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va transport-logistika, tranzit yo‘laklarini shakllantirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi turli sohalardagi munosabatlar Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida taraqqiy etmoqda. “O‘zbekiston – Gruziya” do‘stlik jamiyati xalqlarimizning do‘stona va madaniy aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida Gruziya Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili bilan uchrashuvi, shuningdek, parlamentlar darajasidagi ikki tomonlama tashriflarning faollashgani siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlik rivojiga yangicha ruh bag‘ishladi.

– Do‘stona aloqalarimiz parlamentlararo doirada taraqqiy etayotganidan g‘oyat mamnunmiz, – dedi I.Kobaxidze. – Bu kelgusida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi. Bugungi tashrifimiz hamkorlik aloqalarini yanada taraqqiy ettirishga xizmat qilishiga ishonaman.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Gruziya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiladigan tadbirlarni tashkil etish, qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashishga doir masalalar muhokama etildi.

Gruziya delegatsiyasi a’zolari mamlakatimiz Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, qo‘mitalar, fraksiyalar va deputatlik guruhlari faoliyati, parlamentlararo hamkorlik doirasida tashkil etilgan do‘stlik guruhlari bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarga Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, O‘zbekiston Ekologik harakati, siyosiy partiyalar faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Gruziya parlamenti o‘rtasida Parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

6 (1).JPG

Shu kuni Gruziya parlamenti vakillari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida ham muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston o‘zining boy tarixi, madaniyatiyu rang-barang urf-odatlari, betakror tabiati bilan asrlar davomida sayyohlarni jalb etib kelayotgani ta’kidlandi. Mehmonlar mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.

Muzokaralarda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida sayyohlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, uy-mehmonxona tizimi faoliyatini kengaytirish, sayyohlarga sifatli turistik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Gruziya parlamenti raisi I.Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiya Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, A’lo Abdullayev (surat), Go‘zal Sattorova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA