Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga avvalgi tashrifi chog‘ida Termiz shahrida “Amudaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini barpo etish loyihasi bilan tanishib, hududda infratuzilma obyektlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Shunga muvofiq Surxondaryo daryosi bo‘yida 200 o‘rinli dam olish maskani qurilib, o‘tgan yil yoz mavsumida foydalanishga topshirildi. Oromgohda umumta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, imkoniyati cheklangan bolalar dam oldirilib, sog‘lomlashtiriladi.

Maskan 6,2 gektar maydonni egallagan. To‘rtta yotoqxona, amfiteatr, oshxona, suzish havzasi, sport maydonlari, boshqa bino va inshootlar bunyod etilib, zarur inventarlar bilan jihozlangan. Bolalarning mazmunli va maroqli dam olishi, bo‘sh vaqtida turli to‘garaklarda qatnashib, o‘z bilim va salohiyatini mustahkamlashi uchun har tomonlama qulay sharoit yaratilgan.

Oromgohga kiraverishdagi ota-onalar farzandlari bilan uchrashadigan binoda ikkita fitobar, axborot-resurs markazi, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, mashg‘ulot zallari mavjud. Ingliz tili, tasviriy san’at, mohir qo‘llar, komputer savodxonligi kabi o‘n beshga yaqin to‘garakda malakali murabbiylar mashg‘ulot olib boradi. Tibbiyot bo‘limida bolalar uchun fizioterapevtik muolajalar, massaj, fitodavolash xizmatlari va jismoniy tarbiya mashqlari tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari muassasada bolalarning maroqli dam olishi, salomatligini mustahkamlashi, ovqatlanishi va yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Joriy yil mart oyidan oromgoh yil davomida uzluksiz faoliyat yurita boshlaydi. Unga mamlakatimizning barcha hududidan fan olimpiadalari, xalqaro tanlov va sport musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan 5-11 sinf o‘quvchilari, yozgi ta’tilda esa ming nafar o‘g‘il-qiz qabul qilinadi.

Bugungi kunda oromgoh O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga o‘tkazilib, uni xalqaro yoshlar oromgohiga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Oromgoh huzurida umumta’lim maktabi barpo etilgan. Maktab negizida 125 o‘rinli baxshilar maktabi ham faoliyat yuritadi. O‘quvchilar bu yerda xalq og‘zaki ijodi hamda o‘zbek xalq cholg‘ularidan saboq oladi. Dars mashg‘ulotlarini malakali o‘qituvchilar bilan birga to‘rt nafar O‘zbekiston xalq baxshisi olib boradi.

Prezidentimiz maktabda O‘zbekiston xalq baxshilari Shoberdi Boltayev va Abdunazar Poyonov bilan muloqot qildi.

Dostonchilik va baxshichilik – milliy g‘ururimiz. Uning zamiridagi ezgu qadriyatlarni xalqimizga yetkazish lozim. Baxshichilik maktabi xalq og‘zaki ijodining noyob durdonalarini asrashga, uni rivojlantirishga, baxshilarning obro‘sini ko‘tarishga xizmat qilishi kerak. Joriy yil Navro‘z bayrami arafasida yurtimiz baxshilarining respublika seminarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yamiz, ularni qo‘llab-quvvatlaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz “Mustaqillik baxshilari” kitobini chiqarish, viloyatdagi kollejlarda ham ushbu san’at turini o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shu yerda Boysun tumanidagi “O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi” gaz konini o‘zlashtirib, uning negizida gazni qayta ishlash zavodi va gaz-kimyo majmuasi qurish, To‘polang daryosida Zarchob kichik GESlar kaskadi, Uchqizil suv ombori bo‘yida zamonaviy dam olish va ko‘ngilochar maskanlariga ega “Termiz marvaridi” sanatoriysi qurilishini yakunlash, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiallarini tashkil etish loyihalari taqdim qilindi.

Davlatimiz rahbari har bir loyihaning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ularni sifatli bajarish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA