Payshanba kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Nyu-York shahrida Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Hikmat Halil Karzay boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Vazirlik matbuot xizmati xabar qilishicha, Abdulaziz Kamilov amaliy tashrif bilan AQShda bo‘lib turibdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining 4-6-dekabr kunlari Toshkent shahridagi uchrashuv va muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida vazirlar darajasida “Xavfsizlik va taraqqiyotning o‘zaro bog‘liq modeli sifatida Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi ochiq munozaralarning kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv chog‘ida mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning ba’zi muammolari, zamonaviy xavf va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligi masalalari ko‘rib chiqildi.

 

O‘zA