Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasining 2017-yil 10-12-may kunlari mamlakatimizga tashrifi O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘targani bilan ulkan ahamiyat kasb etdi.

Tashrif davomida Oliy komissar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. 2017- yil iyun oyida O‘zbekiston parlamenti tomonidan 90 dan ortiq tadbirdan iborat harakatlar rejasi qabul qilingani esa mamlakatimiz va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi amaliy va ochiq muloqotni kengaytirish hamda mustahkamlashga yangi sur’at baxsh etdi.

Bugun ushbu hamkorlik yuqori ruhda davom etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy komissar Zayd Raad al-Husaynning Boshqarma byudjetiga ixtiyoriy badal to‘lovini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqish haqidagi murojaati qabul qilinib, O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi fondiga 100 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratadigan bo‘ldi.

 

O‘zA