Turkiyaning Istanbul shahrida Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik muzokaralari boshlandi. Afg‘oniston hukumati vakillari va bir qator qurollangan muxolifat guruhlari ishtirokidagi muzokaralar uch kun davom etadi. Bu haqda “Anadolu” xabar bermoqda.

Afg‘onistonda tinchlik masalalari bo‘yicha oliy kengash vakili Aminullo Muzaffarning ma’lum qilishicha, muzokaralarda “Tolibon” harakatidan ajralib chiqqan bir qator, xususan, Muhammad Rasul rahbarligidagi guruhdan vakil sifatida Mulla Abduraif va Mulla Abduhalim, “Tolibon”ni tark etgan yana bir guruh nomidan Rahmatullo Verdak hamda “Hizbut-tahrir” (diniy ekstremistik tashkilot)dan Dovudjon Ahmadzoi va Xumoyun Jarir vakil sifatida ishtirok etyapti.

Muzokaralarda Afg‘onistonda tinchlik masalalari bo‘yicha oliy kengash nomidan Abbos Basir qatnashmoqda.

Aminullo Muzaffar ushbu uchrashuvlar kelgusidagi keng ko‘lamli tinchlik muzokaralari uchun o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tashini aytgan.

Shu bilan birga, “Tolibon” harakati matbuot xizmati Zabiulloh Mujohid o‘z Twitter sahifasida bo‘lib o‘tayotgan muzokaralarda “Tolibon” tomoni o‘z vakillarini yuborgani haqidagi xabarni rad etmoqda. Uning fikricha, uchrashuvda ishtirok etayotganlar “Tolibon” vakillari sifatida qaralmasligi kerak.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi O‘zbekiston uchun juda muhim. Shuning uchun mamlakatimiz Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

O‘zbekiston tomoni Birlashgan Millatlar Tashkiloti, hamkor davlatlar va tashkilotlar ishtirokida umummilliy yarashuvga erishish muhim ekanini qayd etib keladi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani 4-5 dekabr kunlari mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekistonning tashabbuslari va amaliy sa’y-harakatlari mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidlagan edi.

 

O‘zA