Rallida “Pejo”ga teng keladigani yo‘q

Dakar rallisining sakkizinchi bosqich poygalarida asosan fransiyalik poygachilar marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.

Mototsikllar poygasida Antuan Meo (Fransiya, “KTM”) marraga 5 soat 24 daqiqa 01 soniyada yetib kelib, birinchi pog‘onadan joy oldi. Rikki Breybek (AQSH, “Xonda”) va Tobi Prays (Avstraliya, “KTM”) kabi tajribali poygachilar ushbu bosqichda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.

Kvadrotsikl bo‘yicha o‘tgan bahslarda Simon Vitse (Fransiya, “Yamaxa”), Marselo Medeyros (Braziliya, “Yamaxa”) va Ignasio Kasale (Chili, “Yamaxa”) barcha raqiblarini ortda qoldirdi.

Yo‘l tanlamaslar poygasida fransiyalik Stefan Peteransel va Siril Depre “Pejo” rusumidagi avtoulovda birinchi hamda ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, qatarlik Nasser Al-Attiya “Toyota”da ularni ta’qib etib marraga uchinchi bo‘lib keldi.

Rallining eng muxlislari ko‘p bo‘lgan yuk avtomobillar o‘rtasidagi poygada rossiyalik Dmitriy Sotnikov boshqargan “KAMAZ”ga hech kim yeta olmadi. Argentina sharafini himoya qilgan Federiko Vilyagra “Iveko” rusumidagi aftoulovda ikkinchi bo‘ldi. Yana bir rus poygachisi Ayrat Mardeyev “KAMAZ”da kuchli uchlikni yakunladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA