Chexiyadagi prezidentlik saylovlarining birinchi tur yakunlari bo‘yicha 7 nafar nomzod bahslarni tark etishi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng ularning to‘rt nafari o‘z tarafdorlaridan keyingi turda Fanlar akademiyasining sobiq raisi Yirki Dragosha nomzodini qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan. Bu haqda yakshanba kuni prezidentlikka nomzodlardan biri shifokor Marek Zeman ma’lum qildi, deyiladi RIA xabarida. 

Chexiyada yakuniga yetgan haftaning juma va shanba kunlari prezidentlik saylovlarining birinchi turi nihoyasiga yetdi. Unda 9 nafar nomzod g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Ular orasida mamlakatning amaldagi prezidenti Milosh Zeman ham bor.

Ovoz berishning dastlabki bosqich natijalariga ko‘ra, Milosh Zeman 38,57 foiz ovoz bilan birinchi, Yirki Dragosha 26, 6 foizlik natija bilan ikkinchi o‘rinni qayd etishdi va saylovning keyingi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi tur joriy yilning 26-27 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.

“Demokratik blok endi birlashgach, janob Dragoshani qo‘llab-quvvatlash imkoni yanada oshadi. Mamlakatimiz prezidentlikka saylanish orqali davlatimiz tashqarisida va ichida xalq manfaatlarini munosib himoya qila oladigan, ijobiy ruh bag‘ishlashga qodir rahbarga ehtiyoj sezmoqda”, dedi saylovlarda 8,8 foiz ovoz to‘plagan Gilsher.

Bundan tashqari prezidentlik saylovlarining birinchi turida mag‘lub bo‘lgan diplomat Pavel Fisher (saylovlarda 10,2 foiz ovoz to‘plagan), tadbirkor Mixal Gorachek (9,1 foiz) va sobiq bosh vazir Mirek Topolanek (4,3 foiz)lar ham o‘z tarafdorlaridan keyingi saylovda Yirki Dragosha uchun ovoz berishlarini so‘rashmoqda.

Shu kabi bayonotlarni dushanba kuni boshqa o‘ng qanot partiyalari rahbarlari ham qabul qilishi kutilmoqda.

Yirki Dragoshaning so‘zlariga ko‘ra, Gorachek i Gilsherning saylovoldi jamoasi dushanba kunidan boshlab uning jamoasi bilan hamkorlik uchun birlashadi.

Jurnalistlarning fikricha, agar keyingi tur saylovlarida mag‘lub bo‘lgan va ayni paytda Dragoshani qo‘llab-quvvatlashga tayyor 4 nafar nomzod uchun ovoz berganlarning uchdan ikki qismi Dragosha foydasiga ovoz berishsa, bu Fanlar akademiyasi sobiq raisining g‘alabasini ta’minlashi mumkin.

“Bunday ijobiy hisob-kitoblar bizga ijobiy kayfiyat bag‘ishlashi mumkin. Ammo siyosatda matematik tusmollar natija bermasligini barchamiz yaxshi tushunamiz”, deya qayd etgan Dragosha jurnalistlar tomonidan ilgari surilgan taxminlarga munosabat bildirar ekan.

Mamlakatning amaldagi prezidenti Milosh Zeman o‘zining saylovoldi kompaniyasi chog‘ida ilk bor nomzodlar o‘rtasida tashkil etiladigan munozara bahslariga ishtirok etishga rozilik berdi. Prezidentlik uchun asosiy ikki nomzod o‘rtasidagi dastlabki televideniye orqali tashkil etiladigan bahs keyingi hafta o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

O‘zA