Hamid Olimjon

 

O‘ZBEKISTON

Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi manda…
Chappor urib gullagan bog‘in,
O‘par edim vatan tuprog‘in.
Odamlardan tinglab hikoya
O‘sar edi shoirda g‘oya.
Daryolardan kuylab o‘tardim,
Ertaklarga quloq tutardim.
Hammasini tinglardim, ammo,
O‘xshashini topmasdim aslo.

***

O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston,
Dostonlarda bitgan guliston, –
O‘zbekiston deya atalur,
Uni sevib el tilga olur.
Chiroylidir go‘yo yosh kelin,
Ikki daryo yuvar kokilin;
Qorli tog‘lar turar boshida,
Gul vodiylar yashnar qoshida.
Chor atrofda yoyganda gilam,
Aslo yo‘qdir bundayin ko‘klam.
Tog‘lardagi qip-qizil lola
Bo‘lib go‘yo yoqut piyola,
Buloqlardan uzatadi suv,
El ko‘zidan qochadi uyqu.
Dalalarda boshlanadi ish,
Boshlanadi ijod va turmush.
Kundan-kunga o‘sadi paxta,
Barg chiqadi xar bir daraxtda,
Olmazorlar gulin to‘kadi,
Meva bog‘lab shoxin bukadi.
Shaharlarda ishga chiqib el,
Odam bilan to‘lar Tekstil.
Hammasining bir istagi bor,
Hammasi ham xursand, baxtiyor.
Bu o‘lkada har narsa bordir,
Ko‘rmaganlar doim xumordir.
Amu bilan Sirdan suv ichgan,
Zarafshonni loylatib kechgan
Chavandozlar bordir bu elda.
Bahor chog‘i pishqirgan selda
Arg‘umoqlar qo‘shig‘i bordir,—
Bu shundayin ajib diyordir,
Dalasida o‘smas tikanlar,
Cho‘llarida chopmas ilonlar;
Qush uchganda kuymas qanoti,
Odam o‘tsa qurimas zoti;
Chanqov qolib yo‘lovchi o‘lmas,
Xar burchakda boshkesar bo‘lmas.
Kulbalarni kelib bosmas qum,
Go‘daklarni yutmas och o‘lim.
Odamga baxt va tole yordir,—
Bu shundayin ajib diyordir.

Bunda bulbul kitob o‘qiydi,
Bunda qurtlar ipak to‘qiydi,
Bunda ari keltiradi bol,
Bunda qushlar topadi iqbol,
Bunda qorning taglarida qish.
Bahor uchun so‘ylaydi olqish.
Bir o‘lkaki husnga boydir,
Buning eng zo‘r ko‘zgusi oydir;
Bir parcha o‘t bo‘lib bunda kun
Paxtasiga ishlaydi har kun.
Botirlari kanal qazadi,
Shoirlari g‘azal yozadi,
Kuychilari o‘qiydi yalla.
Juvonlari aytadi alla,
Pazandasi yopadi shirmon,
Qarilari kutadi mehmon, —
Bu shundayin ajib diyordir.

***

Shunday o‘lka doim bor bo‘lsin,
Shunday o‘lka elga yor bo‘lsin.
Omon bo‘lsin og‘aynilari,
Omon bo‘lsin do‘stlarning bari.
Doim bo‘lsin Vatanim omon,
Shunday bo‘lsin bu butun jahon.

***

Shaftolizor bog‘larni ko‘rdim,
Gul ko‘kargan tog‘larni ko‘rdim,
Mehr qo‘yib o‘pgan sari oq,
Oppoq bo‘ldi bu, aziz tuproq.

Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi menda…

—————————–

Эркин Вохидов.jpg
Erkin Vohidov
O‘ZBEGIM
(qasida)

Tarixingdur ming asrlar
Ichra pinhon, o‘zbegim,

Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim.

So‘ylasin Afrosiyobu
So‘ylasin Urxun xati,
Ko‘hna tarix shodasida
Bitta marjon o‘zbegim.

Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Forob avlodidan,
Asli nasli balki Uzluq,
Balki Tarxon o‘zbegim.

O‘tdilar sho‘rlik boshingdan
O‘ynatib shamshirlarin
Necha qoon, necha sulton,
Necha ming xon, o‘zbegim.

Tog‘laring tegrangda go‘yo
Bo‘g‘ma ajdar bo‘ldi-yu
Ikki daryo—ikki chashming,
Chashmi giryon, o‘zbegim.

Qaysari Rum nayzasidan
Bag‘rida dog‘ uzra dog‘,
Chingizu Botu tig‘iga
Ko‘ksi qalqon o‘zbegim.

Yog‘di to‘rt yondin asrlar
Boshingga tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, o‘zbegim.

Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen — Muqanna, sarbador — sen,
Erksevar qon, o‘zbegim.

Ma’rifatning shu’lasiga
Tolpinib zulmat aro,
Ko‘zlaringdan oqdi tunlar
Kavkabiston, o‘zbegim,

Tuzdi-yu Mirzo Ulug‘bek
Ko‘ragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk —
Qo‘ydi narvon o‘zbegim.

Mir Alisher na’rasiga
Aks sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo‘ldi
Shoh-u sulton o‘zbegim.

Ilm-u she’rda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
O‘z elida chekdi g‘urbat,
Zoru nolon o‘zbegim,

Mirza Bobur — sen, fig‘oning
Soldi olam uzra o‘t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug‘yon, o‘zbegim.

She’riyatning gulshanida
So‘ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko‘z yosh,
Ko‘mdi armon, o‘zbegim.

Yig‘ladi furqatda Furqat
Ham muqimlikda Muqim,
Nolishingdan Hindu Afg‘on
Qildi afg‘on, o‘zbegim.

Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, uzbegim.

Ortda qoldi ko‘hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o‘zbegim.

Bo‘ldi osmoning charog‘on
Tole xurshidi bilan,
Bo‘ldi asriy tiyra shoming
Shu’la afshon, o‘zbegim.

Men Vatanni bog‘ deb aytsam,
Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko‘z deb aytsam,
Bitta mujgon o‘zbegim.

Faxr etarman, ona xalqim,
Ko‘kragimni tog‘ qilib,
Ko‘kragida tog‘ ko‘targan
Tanti dehqon, o‘zbegim.

O‘zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O‘zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o‘zbegim.

Men buyuk yurt o‘g‘lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo‘lsam
Sodiq o‘g‘lon, o‘zbegim.

Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksim osmon, o‘zbegim.

Qayga bormay boshda do‘ppim,
G‘oz yurarman, gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
O‘zbekiston, o‘zbegim.

Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o‘g‘lingman, qabul et
O‘zbegim, jon o‘zbegim.

————————

oripov.jpg
Abdulla Oripov
O‘ZBEKISTON

Yurtim, senga she’r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o‘z yurtin butun —
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko‘p yiroq,
Qanotida kumush diyori.
Bir o‘lka bor dunyoda biroq—
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O‘tirmasman ertaklar so‘zlab,
Musallo deb yo‘nmasman qalam.
Ko‘klamingdan olib sururni,
Dovrug‘ soldi ustoz Olimjon,
G‘afur G‘ulom tuygan g‘ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg‘ay olmas barchasin ko‘zim.
Maqtamayman moziyni, biroq
O‘tmishingni o‘ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag‘rur, davongir.
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi oqsoq jahongir.
Demam bu kun u manim, manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so‘z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug‘ilgan ilk bor
Ko‘ragoniy jadvallarida.
Qotil qo‘li qilich soldi mast,
Quyosh bo‘lib uchdi tilla bosh.
Do‘stlar, ko‘kda yulduzlar emas,
U — Ulug‘bek ko‘zidagi yosh.
Erda qolgan, o, tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim!

Ko‘z oldimdan kechar asrlar,
Ko‘z-ko‘z etib nuqsu chiroyin.
Sarson o‘tgan necha nasllar
Topolmasdan tug‘ilgan joyin.
Amerika — sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh — yer osti.
Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro
Jahoigiri kam bo‘lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so‘zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk:
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o‘zingsan buyuk.
Sen o‘zingsan eng so‘nggi nonin
O‘zi yemay o‘g‘liga tutgan.
Sen o‘zingsan farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o‘tgan.
Ona xalqim, jon-tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Bosh ustingdan o‘tdi ko‘p zamon,
O‘tdi Budda, o‘tdi zardushti.
Har uchragan nokasu nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni Chingiz g‘azabga to‘lib
Yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo‘lib
Sakrab o‘tding Amudaryodan.
Sensan o‘shal samanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Bo‘lmay turib, yurtim, xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmizqonidan
Alvon bo‘ldi qora tunlaring.
Alvon bo‘ldi kafanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Tinch turarmi bu ko‘hna olam,
Tinch turarmi doruli zamon.
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Dansigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog‘da.
Lekin, yurtim, kezolmas g‘anim
O‘zbekiston atalgan bog‘da,
Sen-ku nomus va sha’nim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Kech kuz edi, men seni ko‘rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o dehqon yurtim,
Turar eding yalangto‘sh, yayov.
— Tashqarida izillar yomg‘ir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: — Paxtam qoldi-ku axir,
Yig‘ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketdiig, umri mahzanim manim…
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Sen ketarsan balki yiroqda,
Farg‘onada balki balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho‘pon bo‘lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to‘lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Xabib Abdulla bo‘lib,
Sahrolarda ochajaksan kon.
Tuprog‘i zar, ma’danim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo‘ysang ham qadam,
O‘zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o‘lkam.
Bir o‘g‘lingdek men ham bu zamon.
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko‘roldim ayon
Erkin va hur kengliklar osha.
Iqboli hur, sho‘x-shanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Zavol ko‘rma hech qachon, o‘lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,
Do‘stu yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug‘ bashar oilasida
Mangu yorug‘ peshonang sening.
Mangu yorug‘ maskanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

 

O‘zA