Prezidentimiz diplomatik muassasalarimiz faoliyatidagi eng muhim vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchidan, eksport, eksport va yana bir bor eksport, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Gap O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijiy davlatlar bozorlariga eksport qilishga har jihatdan amaliy ko‘maklashish haqida bormoqda. Bugungi kunda dunyodagi ko‘plab davlatlar, xususan, rivojlangan mamlakatlarning tashqi siyosat faoliyatida aynan shu masalaga eng ustuvor ahamiyat berilishini sizlar yaxshi bilasizlar.

Ikkinchidan, mamlakatimiz sanoati va infratuzilmalarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar, ilg‘or zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish zarur.

Mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishi ko‘p jihatdan faol investitsiya siyosatiga bog‘liq. Shu asosda davlatimizning raqobatbardoshligi va eng asosiysi, aholi farovonligi tubdan oshishi, yangi korxona va tarmoqlar, yangi ish o‘rinlari yaratilishini, o‘ylaymanki, tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘q.

Uchinchidan, O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha elchixonalarimiz ham faol va tizimli ish olib borishi lozim.

 

O‘zA