“Xitoyning kosmik texnologiyalar bilan bog‘liq ishlab chiqarish va tadqiqotlar sohasiga sarmoya kiritilishining kengayayotgani AQSh tomonidan javobsiz qolmasligi kerak”. 

Bunday fikr AQSh Vakillar palatasining Qurolli Kuchlar Qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tilgan, deyiladi Space News xabarida. Bu haqda Ria xabar bermoqda.

AQSh Kongressi a’zosi Dug Lamborn qayd etishicha, Xitoyda oxirgi ikki yil davomida 40 ta kosmik kemalar ishlab chiqarilgan. Bu esa ushbu mamlakatda sun’iy yo‘ldosh sanoati “tahdidli sur’atlarda” o‘sib borayotganini anglatadi.

Shuningdek, Osiyo tadqiqotlari markazi eksperti Din Cheng, Pekinda arzon sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqarish yuqori mavqega ega ekanini ta’kidlagan.

“Nigeriya, Boliviya va Venesuela kabi mamlakatlar boshqa ishlab chiqaruvchilar taklif qila olmaydigan narxlardagi Xitoy mahsulotlarini xarid qilishlari mumkin. Bu, o‘z navbatida, jahon sun’iy yo‘ldosh aloqalari bozoridagi AQShning “Boeing” kompaniyasi mavqeiga tahdid soladi”, deydi tahlilchi.

Chengning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy ilgarilari qonun doirasida va qonunni chetlab o‘tgan holda ushbu sohadagi texnologiyalarni xarid qilishni boshlagan edi. Hozirgi kunga kelib Pekin bunday texnologiyalarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu Xitoy uchun nafaqat o‘z raqobatchilariga yetib olish, balki raqobat maydonida o‘z so‘zini aytish imkonini berdi.

Avval xabar berilganidek, Xitoy 2020-yilgacha 35 ta “Beidou-3” sun’iy yo‘ldoshidan iborat global navigatsiya tizimini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu Xitoyni o‘z sun’iy yo‘ldoshiga ega davlatlar ichida AQSh va Rossiyadan keyingi uchinchi o‘ringa chiqishiga imkon beradi.

Ma’lumot o‘rnida, Xitoyda 2018-yilda o‘ndan ziyod “Beidou-3” navigatsiya tizimli sun’iy yo‘ldoshini ishga tushirish belgilangan.

 

O‘zA