…Shinamgina qahvaxonaga tushlik qilish va xushbo‘y qahva ustida mazmunli suhbat qurish uchun mijozlar tashrif buyurdi. Ularning ba’zilari veb-saytlarga bepul kiruvchi Wi-Fi ochiq tarmog‘idan foydalanishga qaror qildi. Vaqt o‘tib, ular o‘z rekvizitlari, parol va shaxsiy ma’lumotlarini o‘zlashtirgan uddaburon kiberjinoyatchilar qurboniga aylangani ma’lum bo‘ladi. 

Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tomonidan firibgarlikning bu usuliga «honeypot» deb nom berilgan. Ushbu usulning mohiyati go‘yoki qonuniy va ochiq ijtimoiy tarmoq sifatida faoliyat yurituvchi Wi-Fi bog‘lanishlarni yaratishdan iborat. Foydalanuvchilar bu tarmoqqa bilmay turib ulansa, jinoyatchilar xakerlik hujumini amalga oshirib, foydalanuvchi va “psevdo tarmoq” o‘zaro almashgan barcha ma’lumotlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Bunday hujumlar ko‘pincha qahvaxona va restoranlar, chakana savdo shoxobchalari va aeroportlarda amalga oshiriladi.

Maishiy va ofis texnikasi, gadjet va planshet komputerlari so‘nggi modellarining aksariyatiga Wi-Fi texnologiyasi o‘rnatilgan.

Wi-Fi tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha «Wi-Fi Alliance» tarmoq konsorsiumi taxminiga ko‘ra, bu yil dunyoda Wi-Fi signalini qabul qiluvchi 3 milliarddan ortiq moslama ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, joriy yil o‘tkazuvchanlik qobiliyati katta bo‘lgan va ko‘p sonli mijozlar ulanishini ta’minlaydigan 802.11ax standartidagi yangi Wi-Fi avlodi signalini qabul qiluvchi mahsulotlar bozorga chiqarilishi kutilmoqda.

Ayni damda Wi-Fi tarmoqlari orqali amalga oshirilayotgan jinoyatlar soni ham ortib bormoqda. Bu jinoyatlar orasida eng ko‘p tarqalgani «Sniffing»dir. Jinoyatchi jamoat joylarida himoyalanmagan Wi-Fi tarmog‘iga ulangan barcha foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari va rekvizitlarini osonlikcha o‘zlashtirib olishi mumkin. U qurbonning boshqa xizmat turlari, jumladan, bank xizmati va onlayn-to‘lov tizimiga ham kirish imkonini beruvchi shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinadi.

Jinoyatchilar orasida, shuningdek, «Sidejacking» parolni buzib ochish usuli ham keng tarqalgan. U foydalanuvchi sessiyasiga ulanib olish maqsadida ma’lumotlar paketini tahlil qilishdan iborat.

Kiberjinoyatchilar qurboniga aylanmaslik va Wi-Fi tarmog‘iga xavfsiz ulanishni ta’minlash uchun UZCERT komputer hodisalariga chora ko‘rish xizmati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan qator muhim qoidalarga amal qilish lozim.

Ochiq Wi-Fi tarmoqlari bor joyda “feyk” tarmog‘iga ulanib qolmaslik uchun, birinchi navbatda, ommaviy kirish nuqtasi nomining ishonchliligini tekshirish zarur. Buning uchun bino ma’muridan Wi-Fi ulanish tarmog‘i qanday nomlanishini so‘rash kifoya. Ommaviy Wi-Fi dan foydalanish jarayonida onlayn-banking va onlayn-to‘lov xizmatlari, shuningdek, boshqa muhim resurslarga kirmagan ma’qul. Mobil telefon sozlamasida Wi-Fi tarmoqlariga avtomatik ulanish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, telefon egasi apparat tarmoqqa ulangani va shaxsiy ma’lumotlarini mustaqil ravishda uzatayotganini xayoliga ham keltirmasligi mumkin. Bundan tashqari, Wi-Fi dan foydalanadigan moslamalardagi himoya dasturlarini muntazam yangilab turish lozim.

Wi-Fi – istiqbolli va jadal rivojlanayotgan internet-texnologiyalardan biridir. Ommaviy Wi-Fi ochiq tarmoqlaridan foydalanishda oddiygina xavfsizlik qoidalariga amal qilish har qanday ko‘ngilsizliklarning oldini olishga yordam beradi.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA