Internet tarmoqlarida Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori Natalya Temirova bilan bog‘liq ko‘plab va turli xil xabarlar tarqalmoqda. Bunga rasmiy ravishda oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Rahimovaga murojaat qildik.

– Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari dars vaqtida kollej hovlisida o‘zaro janjallashib, pichoqbozlik qilishi oqibatida ularning biri vafot etgani, biri esa og‘ir tan jarohati olgani ko‘pchilikning qalbini larzaga solgan edi.

Prezidentimiz ham bu voqeaga e’tibor qaratib, kollej sobiq direktori Temirova ushbu holatga yo‘l qo‘ygani hamda juda ko‘p miqdorda kollej mablag‘larini o‘zlashtirish, mansabini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun bugun qonun oldida javob beryapti, deb qayd etgan.

Haqiqatan ham sodir bo‘lgan mudhish voqeadan keyin Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur kollejda tekshirish o‘tkazildi. Natijada bu o‘quv maskanida boshqa jinoyatlar sodir bo‘layotgani ham aniqlandi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Surishtiruv davomida kollej sobiq direktori Natalya Temirova va boshqalar davlat byudjeti mablag‘larini yirik miqdorda talon-taroj qilish, yuridik kollejga noqonuniy yo‘l bilan o‘qishga kirgan talabalarga diplomlar berish kabi holatlarga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur jinoyat ishiga aloqador bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aylanayotgan N.Temirovaga nisbatan 2017 yil 25 noyabr kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA