Orol dengizining qurishidan atmosferaga ko‘tarilayotgan chang-to‘zonlarni to‘xtatish yo'li topildi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi doktoranti Mahmud Allamuratov va yana bir necha olim tomonidan sanoat chiqindilari asosida Orol dengizi hududidagi qum va tuproqni qotiruvchi polimer reagentlar ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy ishlar ijobiy samara berdi.

Orol dengizining qurishi, ayniqsa, mintaqa xalqlarining eng dolzarb muammosi bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, dengiz qurishi va sho‘rlanishning tezlashuvi oqibatida so‘nggi yillarda 50 ming gektarga yaqin ekin maydoni qishloq xo‘jaligida foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qoldi. Bu muammoni chigallashtiradigan holat shundan iboratki, qurigan dengiz o‘rnida 5,5 million gektardan ortiq maydonni egallagan “Yosh Orolqum” sahrosi paydo bo‘ldi.

Orolqum xavfli kimyoviy reagentlar, mayda tuz va tuproq zarrachalari bilan qoplandi. Zaharli kimyoviy unsurlar, tuz va tuproq zarrachalaridan iborat chang va tuz havoga ko‘tarilib, shamol bilan butun dunyoga tarqalmoqda. Shu sababli, qum va tuproqni qotiruvchi, o‘simliklarning o‘sishiga zarar yetkazmaydigan maxsus reagentlar ishlab chiqish zamonaviy ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, kimyo va biologiya fanlarining dolzarb masalasi hisoblanadi.

2 (2).jpg

Ko‘pgina davlatlarda qumni qotirish, tuproq unumdorligini oshirish maqsadida turli organik kimyoviy qo‘shimchalardan, qog‘oz va selluloza sanoati chiqindilari, gidrolizlangan poliakrilonitril, lignosulfonat kabi birikmalardan foydalaniladi. Lekin, qo‘llanilayotgan kimyoviy reagentlar qimmat, olish jarayoni murakkab, zaharli, shuningdek, Orol dengizi mintaqasining iqlim sharoitiga chidamsizdir.

Mustaqillik yillarida Orol dengizi muammosiga alohida e’tibor berilib, qumni qotiruvchi, tuproqning tuzilmasini yaxshilab, uning unumdorligini oshiruvchi kimyoviy birikmalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlar yuqori darajada tashkil etilib, keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi va muayyan natijalarga erishildi. Xususan, mahalliy xomashyo asosida sintez qilingan, tarkibida azot, fosfor va boshqa mikroelementlarni saqlagan kimyoviy barqaror, mexanik mustahkam struktura hosil qiluvchi polimer reagentlar tadqiqotiga qaratilgan ilmiy ishlar amalga oshirilayotir.

Biroq, bugungi kunda arzon, ekologik xavfsiz, mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilari asosida Orol dengizi mintaqasining og‘ir iqlim sharoitiga chidamli qum va tuproqni qotiruvchi kimyoviy reagentlar ishlab chiqish juda dolzarb muammodir. Qorqalpog‘istonlik olimlar buning uddasidan chiqdi.

5. Шыгындыларды алыу пайытында.jpg

– Tadqiqotning maqsadi mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilari asosida qum va tuproqni qotiruvchi polimer reagentlari ishlab chiqish, tuproqning shamol va suv erroziyasiga chidamliligini, hosildorligini oshirishga qaratilgan, – deydi M.Allamuratov. – Ilmiy tadqiqotning ilmiy yangiligi shundaki, ilk marta polimer qotiruvchi reagentlarni “Maksam-Ammofos” chiqindisi, galoidga o‘xshagan monomerlar, GIPAN, lignofosfonat asosida olish texnologiyasi ishlab chiqildi. Bunda epixlorgidrin, dixlorgidringlitserin, poliollar va lignosulfonat asosida olingan qotiruvchi reagentlar tarkibi, tuzilishi va fizik-kimyoviy xossalari o‘rganildi. Epixlorgidrin, dixlorgidringlitserin, poliollar va lignosulfonat asosida olingan qotiruvchi reagentlarning tuproq va sement kompozitsiiyalari fizik-mexanik xossalariga ta’siri ham aniqlandi. Sintez qilingan polimer qotiruvchi reagentlar bilan ishlov berilgan qum va tuproqning fizik-kimyoviy xossalari tadqiq qilindi.

Tadqiqot davomida mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilari asosida ishlab chiqilgan qotiruvchi reagentlar ishlab chiqish va qo‘llash texnologiyasi Orol dengizi mintaqasidagi bir qancha agrofirma va o‘rmon xo‘jaligi obyektlarida joriy etildi.

Ishlab chiqarilgan polimer qotiruvchi reagentlar Orol dengizi mintaqasida uchar qum va sho‘rlangan tuproq zonasida qo‘llanganda tuproqning hosildorligi oshib, zaharli qum-tuz bo‘hroni ko‘tarilishi kamayishiga erishilgan.

Hozirgi kunda sintez qilingan polimerlarni ishlab chiqarish va amaliyotda qo‘llash bo‘yicha texnologik reglamentlar ishlab chiqildi, ularni keng sanoat miqyosida amaliyotda qo‘llash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligiga, shuningdek, bir qancha agrofirmalarga tavsiya etildi.

Yaxshi niyatlar bilan boshlangan mazkur ish Orol dengizi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, texnologik va iqtisodiy muammolarni hal etishga xizmat qiladi.

 
A.Jiyemuratov,
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi muxbiri.

 

O‘zA