Xitoyda yuk tashuvchi kemalar to‘qnashib ketdi, 32 kishi bedarak yo‘qoldi

Xitoy sharqiy qirg‘og‘ida 6 yanvar kuni Gongkongning “CF CRYSTAL” kemasi va Panama bayrog‘i ostidagi “SANCHI” neft tankeri to‘qnashib ketgan. XXR Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tankerning 32 nafar ekipaj a’zosi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligiga asoslanib TASS xabar bermoqda.

Voqea Yanszi daryosi sharqiy Xitoy dengiziga quyilishidan 160 dengiz mili uzoqlikda ro‘y bergan. To‘qnashuv natijasida 136 ming tonna gaz kondensati tashib ketayotgan tanker yonib ketgan. Ekipaj a’zolaridan 30 nafari eronlik, ikki nafari bangladeshlik ekani aytilmoqda.

2aeadd55-a590-4c38-8e57-2123b7fb8945.jpg

Gongkongning 64 ming tonna g‘alla tashib ketayotgan yuk kemasida 21 kishi bo‘lgan, ularning hammasi qutqarilgan.

Yo‘qolgan odamlarni qidirish va hodisa oqibatlarini bartaraf etish operatsiyasiga Xitoy va Janubiy Koreya sohil qutqaruv kemalari, shuningdek, maxsus samolyot jalb etilgan.

Xabar qilinishicha, voqea yuz bergan joyga yonilg‘i to‘kilgan. Maxsus kemalar yoqilg‘i dog‘larini yig‘ib olish bo‘yicha ish olib bormoqda.

 

O‘zA