2017-yildan mamlakatimizda 10-11-sinflar tashkil qilingani natijasida kasb-hunar kollejlarining mavjud binolaridan samarali foydalanish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Prezidentga Oqqo‘rg‘on tumanidagi sobiq kasb-hunar kollejlari binosidan samarali foydalanish, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, hunarmandchilik to‘garaklari tashkil etish taklifi bildirildi. Oqqo‘rg‘on qurilish va kommunal xo‘jaligi kolleji binosida yoshlarni kasbga tayyorlash va migratsiya markazini tashkil etish, tumanda tashkil etilgan «Jamoatchilik markazi», «Oqqo‘rg‘on savdo markazi» kabi loyihalar o‘rin olgan.

Bo‘sh turgan obyektlarni sotishda ochiqlik va adolat tamoyillariga amal qilish zarur. Buning uchun elektron savdolarni yo‘lga qo‘yish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda tuman markazini shaharsozlik tamoyillari asosida qayta qurish, eski bozorni yangi joyga ko‘chirish va o‘rnida ko‘rkam bog‘ borpo etish, shahar Bosh rejasi loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz loyihalar bilan tanishar ekan, ularni takomillashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish lozimligini ta’kidladi.

 

O‘zA