Qozog‘iston tarixda ilk bor 2018 yilning 1 yanvaridan 31 yanvariga qadar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashiga raislik qiladi, deya xabar qilmoqda “Kazinform”.

Kengash raisi Xavfsizlik Kengashiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, BMT Kotibiyati ko‘magida Kengashning kunlik ish faoliyatini tashkil etadi. Xavfsizlik Kengashiga raislik qiluvchi tuzilma a’zolari bilan kelishgan holda Kengash nomidan, shuningdek, norasmiy maslahatlashuvlar yakuni bo‘yicha va Xavfsizlik Kengashi hujjat matni bo‘yicha kelishuvga erishilganda ommaviy axborot vositalari oldida bayonotlar berish vakolatlariga ega.

2018 yilning dastlabki kunlarida BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari yanvar oyi uchun mo‘ljallangan raislik dasturini ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Xavfsizlik Kengashiga kirmaydigan BMTga a’zo davlatlar, ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlar uchun Kengashning ish dasturi yuzasidan matbuot anjumanini o‘tkazish rejalashtirilgan.

18 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev raisligida Xavfsizlik Kengashi a’zolarining “Ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik: ishonchni mustahkamlash choralari” mavzuida tematik munozaralar o‘tkazilishi belgilangan. Shuningdek, Kengash o‘zining bir oylik faoliyati davomida Afg‘oniston va Yaqin Sharq mamlakatlari, Suriya, Liviya, Kongo, Markaziy va g‘arbiy Afrika davlatlari, Janubiy Sudan, Mali, Kipr, Somali va Kolumbiya davlatlaridagi vaziyat muhokama qilinadi.

Ma’lmuot o‘rnida, Xavfsizlik Kengashi BMT Nizomiga ko‘ra, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun asosiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Uning qarorlari barcha a’zo davlatlar uchun qonuniy kuchga ega.

 

O’zA