Sharof Rashidov va ijodkorlar tasvirlangan noyob surat hozir qayerda?

So‘nggi bir asrlik tariximizning eng murakkab davrida respublikamizga rahbarlik qilgan xalqimizning fidoyi farzandi Sharof Rashidov haqida turli kitoblar, ko‘plab maqolalar yozilgan, ijodiy faoliyati xususida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan, hujjatli filmlar yaratilgan. Darhaqiqat, buyuk davlat arbobi va benazir ijodkor ibratli va mazmunli umr kechirdi, el-yurt farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qildi.

Sharof Rashidovning Zarafshon vohasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatini tashkil etish, bepoyon Qizilqum bag‘rida Navoiy, Zarafshon, Uchquduq singari shaharlarga asos solinishidagi fidoyiligi bugun ham mustaqil mamlakatimiz iqtisodiy rivoji, xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida taniqli rassom Renan Yemelyanovich Vikoning matoga chizilgan “Mening zamondoshim” nomli asari noyobligi bilan san’at ixlosmandlarini o‘ziga jalb etib keladi. Mazkur asar bundan 40-yil muqaddam, ya’ni 1977-yilda yaratilgan bo‘lib, unda o‘tgan asrning 70-yillarida O‘zbekiston adabiy hayotida katta iz qoldirgan 18 nafar shoir va yozuvchining bog‘dagi ijodiy suhbati tasvirlangan. Asarning yaratilishi va uning Navoiy shahriga kelib qolish tarixini aniqlash maqsadida ko‘plab insonlar bilan suhbatlashishga to‘g‘ri keldi. Uzoq yillar “Farhod” madaniyat saroyi foyyesini bezab turgan, 2008-yildan kutubxonaga o‘tkazilgan bu asar ko‘plab ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari hayratiga sabab bo‘lgan. Negaki, asarda o‘zbek adabiyotining zarbardast namoyandalari tasvirlangan. Biz asar muallifi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni turli manbalardan izlab ko‘rdik. Internetda R.Vikoning hayot yo‘li va ijodi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot topishga muyassar bo‘ldik.

O‘tgan asrning 20-yillari oxirida Rossiyaning Orenburg viloyati Buzuluk shaharchasida tug‘ilgan musavvirning ismini ota-onasi yaxshi niyat bilan taniqli fransuz tarixchisi va filologi Jozef Ernest Renan sharafiga qo‘yishgan. U dastlab bolalar musiqa maktabining skripka sinfida ta’lim olgan bo‘lsa, keyinchalik rasm chizish to‘garagiga qatnay boshlagan. R.Viko urushdan keyingi og‘ir yillarda, aniqrog‘i, 1947-yili Toshkentga keladi va rassomlik bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Ko‘p o‘tmay ota-onasini ham O‘zbekistonga, qarindoshlari yashaydigan Farg‘ona shahriga ko‘chirib keladi.

Renan Viko ayniqsa portret janrida sermahsul ijod qilgan. Uning ko‘plab asarlari eng nufuzli muzeylarda saqlanmoqda. R.Viko Sharof Rashidov bilan yaqin tanish bo‘lgan. Rassom Sharof Rashidov ikki marta Mehnat Qahramoni bo‘lganda uning portretini juda mahorat bilan tasvirlay olgan. U o‘z xotiralarida Sharof Rashidovni bilimdon, nozik didli ziyoli sifatida ta’riflaydi. O‘zbekistonda 52-yil istiqomat qilgan R.Viko “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga ham sazovor bo‘lgan. Rassom 1999-yilda Rossiyaning Lipetsk shahriga ko‘chib ketadi va ayni paytda Lipetsk davlat texnika universitetining Arxitektura kafedrasi professori sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Biz rassomning uy telefoni raqamini topishga, u kishi bilan bog‘lanishga muyassar bo‘ldik va uzoq suhbat qildik. Shu asnoda asarning yaratilishi, “Farhod” madaniyat saroyiga kelib qolish tarixi oydinlashdi.

Musavvirning aytishicha, 1977-yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati direktori A.Petrov Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyi uchun O‘zbekistonning o‘sha davrdagi mashhur shoir-yozuvchilari siymosi tushirilgan asar yaratish xususida o‘z fikrlarini R.Vikoga bayon etadi. Rassomga suratning eskizini tayyorlashda o‘sha paytda respublika Yozuvchilar uyushmasida ishlayotgan Ramz Bobojon va Uyg‘un yaqindan yordam beradi. Ular surat eskizini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Komil Yashinga olib borishadi. Komil Yashin esa, o‘z navbatida, uni Sharof Rashidovga ko‘rsatib, fikrini so‘raydi. Tabiiyki, respublika rahbari bu taklifni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Keyinchalik Sharof Rashidov O‘zbekistonga sobiq markaz tomonidan berilgan “Xalqlar do‘stligi” ordenini topshirish marosimi tasvirlangan asarni ko‘rish uchun tashrif buyurganida “Mening zamondoshim” asarini ham ko‘radi va katta mahorat bilan ishlanganini e’tirof etadi.

Renan Vikoning qayd etishicha, asarni yaratish jarayonida har bir personaj bilan alohida shug‘ullanishga, xarakteridan tortib, yozgan asarlarigacha o‘rganishiga to‘g‘ri kelgan. Masalan, atoqli shoira Zulfiya bilan bir necha marta uchrashgani, opaning ulkan adib bo‘lish bilan birga, nihoyatda samimiy va dilbar ayol bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Asar barchaga manzur bo‘ladi va tezda dovrug‘ qozonadi. 1977-yilda “Farhod” madaniyat saroyiga keltiriladi. Shundan buyon u qimmatli asar sifatida shu yerda saqlanib kelgan.

Asar markazida Sharof Rashidov, uning yonida xalqimizning sevimli shoirasi Zulfiyaxonim, zabardast ijodkorlar Komil Yashin, Mirtemir, Mirmuhsin, O‘lmas Umarbekov, Asqad Muxtor, Turob To‘la, Ibrohim Rahim, Ibroyim Yusupov, Ramz Bobojon, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Uyg‘un, Sheverdin va Said Ahmad tasvirlangan. Rassom ushbu tasvir orqali Sharof Rashidov nafaqat yurtning fidoyi rahbari, ayni paytda ijod ahlining g‘amxo‘r sardori ekanini ham ko‘rsata olgan.

Joriy yilda buyuk davlat arbobi va atoqli adib tavalludining 100-yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan “Mening zamondoshim” asari Jizzax shahrida tashkil etilgan Sharof Rashidov uy-muzeyiga berildi. Endi asl joyini topdi. Mazkur asar muzeydagi eng nodir eksponatlardan biri sifatida bu yerga tashrif buyuruvchilarni hayratga solishda davom etadi.

Xolmamat Raupov,

tarix fanlari nomzodi, dotsent.

 

O‘zA