Qirg‘iziston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasida “2017-yilda O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligi hamda 2018-yilda ushbu aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzuida brifing tashkil etildi.

Unda Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Doniyor Sidiqov va boshqalar O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligining yangi bosqichi va uni yanada taraqqiy ettirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berdi.

2017-yil mamlakatlarimizning o‘zaro munosabatlari rivojida tarixiy davr bo‘ldi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari shu yilning o‘zida olti marotaba uchrashdi. Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo, parlamentlararo va idoralararo tashriflar amalga oshirildi. Ishbilarmon doiralar ishtirokida biznes-forumlar, milliy mahsulotlar ko‘rgazmalari o‘tkazildi. «Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi xalqaro avtokarvon muvaffaqiyatli tashkil etildi. Chegaradosh hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilgani azaldan qavmu qarindosh bo‘lgan xalqlarimizning bordi-keldisiga keng yo‘l ochdi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarda muhim o‘rin tutadi. Joriy yilda Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Qirg‘iziston teatr ijodkorlari O‘zbekistonga, o‘zbekistonlik san’atkorlar Qirg‘izistonga ijodiy safarlar uyushtirdi. Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Sharq taronalari» xalqaro festivalida qirg‘izistonlik san’at ustalari ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yaqinda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida «Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» doimiy ekspozitsiyasi ish boshladi.

Brifingda ta’kidlanganidek, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovning 2017-yil 13-14-dekabr kunlari mamlakatimizga amalga oshirgan ilk tashrifi «O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yo‘nalish» tamoyilining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonch va hamkorlik yuksak darajada taraqqiy etayotganidan dalolat beradi.

Shu yil 23-dekabr kuni “Eyr Manas” aviakompaniyasining “Bishkek – Toshkent – Bishkek” dastlabki reysining ochilish marosimi bo‘ldi. «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida 25-27-dekabr kunlari poytaxtimizda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy vakillaridan iborat ishchi guruhning uchinchi majlisi o‘tkazildi.

2018-yilda barcha sohalar singari savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, tovar aylanmasini 500 million AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Yurtimizda Qirg‘iziston madaniyati va san’ati kunlarini o‘tkazish, Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida samarali hamkorlik muhiti shakllandi. Bir yil ichida o‘n yillarga tatigulik muvaffaqiyatlarga erishildi. Bularning barchasi ikki davlat rahbarlarining xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan oqilona siyosati samarasidir.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA